Samarqand viloyatida “poytaxt namunasi” asosida xavfsiz muhitni shakllantirish va jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan manzilli chora-tadbirlar Respublika Ichki ishlar vaziri A.Toshpo‘latov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan o‘rganilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Xususan, Samarqand shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi qo‘riqlash bo‘limi tomonidan ob’ektlarni markazlashtirilgan qo‘riqlash pultiga ulash va ularni texnik qo‘riqlovga olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Mas’ullarga aholining mol-mulkini ishonchli himoya qilish, qo‘riqlash xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirish hamda ushbu sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha aniq va ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Samarqand shahrida kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan Rasadxona mahallasida o‘tkazilgan o‘rganish ishlari chog‘ida jinoyatchilik holatiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi “Samarqand–Toshkent” va “Samarqand–Buxoro” yo‘nalishlarida joylashgan avtovokzallari faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Ichki ishlar vaziri tomonidan mazkur ob’ektlarda jamoat xavfsizligini mustahkamlash, fuqarolar va yo‘lovchilarning osoyishtaligini ta’minlash maqsadida ogohlantiruvchi texnik vositalarni o‘rnatish, patrul-post xizmati uchun maxsus jihozlangan nazorat maskanlari tashkil etish, shuningdek, aholini doimiy ravishda hushyorlikka chorlovchi targ‘ibot va tushuntirish ishlarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Pastdarg‘om, Ishtixon, Payariq tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahridagi og‘ir toifadagi mahallalar, ta’lim muassasalari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida o‘tkazilgan o‘rganish ishlari davomida mazkur maskanlarda aholi osoyishtalik va jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarni kuchaytirish, profilaktika tadbirlariga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, ob’ektlarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga so‘zsiz va to‘liq rioya etish, mavjud kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish hamda fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi har qanday ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Vazirlik rahbarlari IIV jazoni ijro etish departamenti 7-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, qonunchilik talablariga rioya etilishi holatini ko‘zdan kechirdi. Shu bilan birga, hibsxonada olib borilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlari o‘rganilib, ularni belgilangan muddatlarda sifatli yakunlash hamda ishlarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ishchi guruh yaqin kunlarga foydalanishga topshirilishi kutilayotgan Imom Buxoriy majmuasida ham bo‘lib, bu yerda mahalliy va xorijiy sayyohlar xavfsizligini ta’minlash, ular uchun xavfsiz, qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish masalalarini o‘rgandi.

Ichki ishlar vaziri sayyohlar oqimi ortib borishini inobatga olgan holda avtoturargohlar sig‘imini kengaytirish, transport harakatini tartibga solish hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.

Ushbu hududda jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan Payariq tumani IIB 2-ichki ishlar bo‘linmasida xodimlarning tunu kun samarali xizmat olib borishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirilib, patrul-post, yo‘l-patrul, qo‘riqlash va profilaktika xizmatlari hamda xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari tomonidan uch smenali, uzluksiz xizmatni tashkil etish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari, ishchi guruh Samarqand shahridagi Imom Moturidiy majmuasida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishib, hududda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, piyodalar va transport vositalari harakatini xavfsiz tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgiladi.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri