Ichki ishlar vazirligi tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish, huquqiy muammolarini hal etish, xizmat faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf etish va ijtimoiy adolatni ta’minlash maqsadida fuqarolar qabullari o‘tkazib kelinmoqda.
Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovning navbatdagi shaxsiy qabuli davlatimiz rahbarining aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan topshiriqlari ijrosini ta’minlashga qaratildi.
Qabul jarayonida yurtdoshlarimizdan 367 murojaat kelib tushdi. Ularning asosiy qismi tizim xodimlarining xizmat faoliyati davomida fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlaridagi muammolar, turli masalalarda huquqiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq.

Ayrim hududlarda davlat xizmatlarini tashkil etishda uchrayotgan kamchiliklar, tergov va surishtiruv bilan bog‘liq holatlar, ichki ishlar organlariga ishga va o‘qishga qabul qilish hamda hududlar kesimida ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf etish kabi masalalar ham murojaatlarda aks etgan.
O‘rganilgan murojaatlarning 156 tasi (42 foizi) joyida mas’ullarni jalb etgan holda muammolarni bartaraf etish orqali ijobiy hal etildi.

Qolgan 211 ta murojaat (58 foizi) bo‘yicha kompleks o‘rganish talab etilganligi bois ijrosini nazoratga olish va yechimini ta’minlash bo‘yicha soha mutasaddilariga alohida vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari rahbarlari tomonidan fuqarolar bilan o‘tkazilgan shaxsiy qabullar davomida 389 murojaat qabul qilindi. Ulardan 133 tasi (34 foizi) tadbir jarayonida ijobiy hal etildi.
Qo‘shimcha o‘rganishni talab qilganligi bois 256 murojaat (66 foizi) ijrosi nazoratga olinib, ularni oxiriga yetkazish maqsadida soha mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Qabulga tashrif buyurgan fuqarolar «Xavfsiz kibermakon» tezkor-profilaktik tadbiri doirasida faol bo‘lishga chaqirildi va ularga kiberjinoyatlar qurboniga aylanib qolishdan ogohlikka chaqiruvchi eslatmalar tarqatildi.
Aholi murojaatlarini o‘rganish bo‘yicha shaxsiy va sayyor qabullar belgilangan tartibda davom ettiriladi.
N.Abduraimova, O‘zA