Seul shahrida Koreya Respublikasi Milliy politsiya agentligi tomonidan beshinchi Xalqaro politsiya sammiti tashkil etildi. Politsiya organlari o‘rtasida an’anaviy tarzda tashkil etib kelinadigan eng yirik tadbirlardan biri bo‘lgan mazkur sammitda 30 dan ortiq xorijiy davlatning 90 nafardan ortiq vakili ishtirok etdi.
Sammitda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.
Sammit ishtirokchilari dunyoda ro‘y berayotgan tahlikali jarayonlarda politsiyaga oid istiqboldagi yo‘nalishlarni belgilash, raqamli transformatsiya davrida kelajakdagi politsiya faoliyatidagi muammolarni aniqlashga e’tibor qaratdi.

Shu bilan birga, innovatsion siyosat va qarashlarni muhokama qilish, dunyo politsiya hamjamiyati bilan o‘zaro ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirish hamda kelgusida jamiyat uchun mos keladigan politsiya strategiyasini yaratish uchun integratsiyalashgan g‘oyalarni ishlab chiqish haqida so‘z yuritildi.
Sammit doirasida Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov Milliy politsiya agentligi Bosh komissari vazifasini bajaruvchi Yu Je Song bilan muzokara o‘tkazdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va Koreya Milliy politsiya agentligi o‘rtasidagi aloqalarning huquqiy asoslarini mustahkamlash, transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, o‘zaro tajriba almashish hamda kadrlar tayyorlash kabi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga oid masalalar muhokama qilindi.
Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan sammit doirasida mamlakatimiz delegatsiyasi Koreya hamda boshqa hamkor davlatlarning politsiya organlari bilan aloqalarni mustahkamlash borasida tegishli vazifalarni belgilab oldi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan Koreya Respublikasi Milliy politsiya agentligi tashkil topganining 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir, «Korea Police world Expo-2025» ko‘rgazmasiga ham tashrif buyurildi. Ko‘rgazma doirasida kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘linmalarning faoliyati, zamonaviy axborot texnologiyalari hamda politsiya sohasida joriy etilgan ilg‘or innovatsiyalar bilan yaqindan tanishildi.
Tashrif jarayonida delegatsiya a’zolari Koreya Milliy politsiya universiteti faoliyatini o‘rgandi. Kadrlar tayyorlash, o‘quv va malaka oshirish tizimi, sohaga oid ilg‘or tajribalar haqida fikr almashildi.
Koreya politsiyasining tajribasini o‘rganish maqsadida mamlakatimiz delegatsiyasi Seul shahar politsiya agentligi Aviatsiya bo‘linmasi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur bo‘linma jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni ta’minlash hamda favqulodda vaziyatlarda dronlar, politsiya vertolyotlari va boshqa aviatsiya vositalarini qo‘llash bilan shug‘ullanadi.
Mazkur tadbirlar jahon politsiya tashkilotlari o‘rtasida tajriba almashish, innovatsion yondashuvlarni o‘rganish va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Abduraimova, O‘zA