O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida ijro hokimiyati organlari rahbar kadrlari va sektorlar rahbarlari uchun tashkil etilgan seminarda ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov ishtirok etdi.
Mazkur tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyevning parlament palatalarida so‘zlagan nutqlari, shuningdek, 2025 yil – “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilishi munosabati bilan belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosiga qaratilgan.

P.Bobojonov tinglovchilarga jamoat xavfsizligini ta’minlash, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida sektor rahbarlari tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar bo‘yicha to‘liq tushuncha berdi. Jumladan, oldi olinishi lozim bo‘lgan jinoyatlar, aniqlanishi lozim bo‘lgan huquqbuzarliklar va mahallalardagi jinoyatlarini keskin kamaytirish bo‘yicha mas’ul rahbarlar oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 30 noyabrdagi “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarga muvofiq “Ijtimoiy profilaktika” ob’ektlarining har bir toifalari bilan alohida ishlash bo‘yicha kerakli tavsiyalar berildi.

Tadbirda “Xavfsiz oila” tamoyili asosida belgilangan vazifalar, mahallarda xavfsiz sharoit yaratish bo‘yicha hudud tajribalari, jinoyatlarni muhokama qilish tartibi, yoshlar bilan ishlash, kuz-qish mavsumida bajarilishi zarur bo‘lgan topshiriqlar hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan ma’ruza va interfaol usullar orqali tinglovchilarning ko‘nikmalari oshirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA