Davlatimiz rahbari tomonidan hududlarda kriminogen vaziyatni yaxshilash hamda mahallalarda osoyishtalikni saqlash bo‘yicha belgilangan vazifalarning amaliy ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimizning barcha shahar-tumanlarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh poytaxtimizning Shayxontohur va Olmazor tumanlaridagi vaziyatni shaxsan ko‘zdan kechirdi.
Bu jarayonda asosiy e’tibor aholi gavjum yirik savdo markazlari, istirohat bog‘larida fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlash hamda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga qaratildi.
Shayxontohur tumani Jangoh mahallasi hududida joylashgan savdo majmuasida aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, xavfsizlik choralari hamda oziq-ovqat mahsulotlarining narx-navosi bilan tanishildi.
Savdo majmuasi rahbariyatiga huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirish hamda narx-navolarni asossiz ravishda oshirmaslik bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Shuningdek, yo‘llarda xavfsiz harakatlanishni ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, qo‘pol qoidabuzarlik hamda qonunga xilof xatti-harakatlarga chek qo‘yish maqsadida tashkil etilgan «Hamkor» guruhlari faoliyati o‘rganildi.

Olmazor tumanida joylashgan «Riviera Mall» savdo-ko‘ngilochar majmuasi atrofida xizmat olib borayotgan «Hamkor-12» guruhi faoliyati samaradorligi tahlil qilindi. Xizmatga jalb etilgan vositalar ko‘zdan kechirilib, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi bo‘yicha xodimlar bilan suhbat o‘tkazildi.
Prezidentimizning «2022-2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan «Xavfsiz va ravon yo‘l» umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori ijrosini o‘rganish maqsadida Olmazor tumani Nurafshon ko‘chasida yo‘l chiziqlarini chizish jarayoni bilan tanishildi. Mas’ullarga ishni sifatli amalga oshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Dastur doirasida poytaxtimizning barcha tumanlarida avtomobil yo‘llari infratuzilmasi kompleks takomillashtirilmoqda. Jumladan, yotiq yo‘l chiziqlari hamda piyodalar o‘tish joylaridagi yo‘l belgilarini yangilash va qo‘shimcha belgilar o‘rnatish, barcha harakat ishtirokchilari uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan ishlar hamda yo‘llarda qatnovchi transport vositalarining texnik holati ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘rganishlar davomida Shayxontohur va Olmazor tumanlarida joylashgan tungi vaqtda aholiga xizmat ko‘rsatuvchi savdo majmualari hamda istirohat bog‘larida yaratilgan sharoitlar, xavfsizlik chora-tadbirlari ko‘zdan kechirildi.
Jumladan, Shayxontohur tumani Labzak mahallasida joylashgan «Anhor bo‘yi» istirohat bog‘ida aholiga yaratilgan shart-sharoitlar, xavfsizlik choralari bilan tanishildi. Shu yerning o‘zida jamoat tartibini saqlash hamda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga qo‘shimcha topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh a’zolarining o‘rganish ishlari poytaxtimizning boshqa tumanlarida ham davom etmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA