O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Davlat rahbarining topshiriqlari ijrosini ta’minlash masalasiga e’tibor qaratildi.
Chilonzor tumanida “poytaxt namunasi” asosida mahallalarda kriminogen vaziyatni yaxshilashga qaratilgan masalalar muhokama qilindi.
“Poytaxt namunasi” doirasida har bir mahalla kesimida aniq tahlillar olib borish, “xavf guruhi”ga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash zarurligi qayd etildi. Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlarni tizimli yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, ishsiz fuqarolar va ta’lim muassasalaridagi yoshlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali jinoyatchilikka moyillikni bartaraf etish choralari belgilandi.

Ichki ishlar organlari tizimida fuqarolar murojaatlari bilan ishlashning holati atroflicha tahlil qilindi, mavjud kamchiliklar tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Murojaatlarni o‘z vaqtida, qonuniy va xolisona ko‘rib chiqish, aholi bilan muloqotni yanada kuchaytirish hamda fuqarolar ishonchini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilandi.
Muqaddas Ramazon oyi davomida, ayniqsa, “Tarovih” namozlari vaqtida jamoat joylarida xavfsizlikni ta’minlash, yo‘l harakati xavfsizligi, ommaviy to‘planish joylarida tartib-intizomni saqlash masalalari muhokama qilindi.
Mazkur davrda fuqarolar uchun xavfsiz va osoyishta muhit yaratish maqsadida ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab berildi.
Vazir o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlari hamda hududlardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahri va viloyatlar IIBB, tuman va shaharlar IIB boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari hamda barcha sohaviy xizmatlar rahbarlari ishtirok etgan yig‘ilishda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash, ijro intizomini kuchaytirish, har bir rahbar va xodimning shaxsiy javobgarligini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
N.Abduraimova, O‘zA