English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ichki ishlar tizimi profilaktika inspektorlari malaka oshirmoqda
20:27 / 2021-06-03

Andijonda ichki ishlar tizimi profilaktika inspektorlarining kasbiy bilim, malaka va fuqarolar bilan ishlash bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirishga bag‘ishlangan o‘quv yig‘inlari bo‘lib o‘tmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida joriy yilning 12 fevral kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ichki ishlar tizimida faoliyat olib borayotgan profilaktika inspektorlarini o‘qitish, ularning kasbiy bilim va malakalarini oshirish yuzasidan qator vazifalar belgilab berilgan edi. 

Ana shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Bosh prokuratura va Sudyalar oliy kengashining qo‘shma qarori asosida joylarda ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining kasbiy bilimlarini oshirish bo‘yicha chuqurlashtirilgan o‘quv kurslari tashkil etilmoqda.

– O‘quv kursini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining kasbiy bilim va malakalarini boyitish, faoliyatlari samaradorligini oshirishga ko‘maklashishdir, – deydi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Huquqbuzarlik profilaktikasi kafedrasi katta o‘qituvchisi, podpolkovnik O‘tkirbek Gulmatov. 

– O‘quv kursida profilaktika inspektorlari «shahar inspektori» hamda «qishloq inspektori» modellari bo‘yicha bazaviy kasbiy tayyorgarlik o‘quv kursi doirasida tahsil oladi. Hududiy ichki ishlar organlaridagi tumanlarning joylashuvi va xodimlarning sonidan kelib chiqib, har bir viloyatda 3 tagacha tumanlararo o‘quv maskanlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

[gallery-2667]

Shu kunlarda Andijon viloyatida faoliyat olib borayotgan 900 nafardan ziyod profilaktika inspektorlari uchun chuqurlashtirilgan o‘quv kurslari Ichki ishlar vazirligining Andijon akademik litseyi hamda Qo‘rg‘ontepa tumanida bo‘lib o‘tmoqda. Kurs mashg‘ulotlariga shahar va tumanlarda ish olib borayotgan profilaktika inspektorlari jalb etilgan.

Tizimda faoliyat yuritib kelayotgan malakali mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar «modul tizimi» asosida, innovatsion pedagogik texnologiyalar, interfaol usullar va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llagan holda tashkil etilmoqda.

O‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarda mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi, aholining tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, odamlarni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, har qanday murojaatni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, fuqarolarning huquqiy bilimlarini yuksaltirish, umuman, profilaktika inspektori faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha saboqlar berilmoqda.

– Men faoliyat olib borayotgan mahallada 4 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, – deydi Andijon shahridagi «Buyuk ipak yo‘li» mahalla fuqarolar yig‘ini profilaktika inspektori, kapitan Iskandar G‘aniyev. – Mahalla faollari, keng jamoatchilik bilan hamkorlikdagi faoliyatimiz samarasi o‘laroq, o‘tgan yili, qolaversa, joriy yilning o‘tgan davrida hududimizda birorta ham jinoyat qayd etilgani yo‘q. Kasbiy bilim va malakamizni oshirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan o‘quv kursida ishtirok etib, ko‘p narsalarni o‘rganyapmiz. Bu albatta, faoliyatimizni yanada samarali olib borishga yaqindan yordam beradi.

O‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan profilaktika inspektorlariga belgilangan tartibdagi sertifikatlar topshiriladi.

F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA