English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ichki ishlar organlariga ishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan firibgar qo‘lga tushdi
12:57 / 2025-11-22

Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Navoiy viloyati bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ma’lum mablag‘ evaziga ichki ishlar organlariga ishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqaro ushlandi.

Gap shundaki, 1987 yilda tug‘ilgan, asli nurotalik fuqaro buxorolik 35 yoshli shaxs bilan tanishib, jiyaniga ish izlab yurganligidan va uni ichki ishlar organlariga ishga kiritmoqchi ekanligidan xabar topadi. “Hojatbaror” uning ishonchiga kiradi va bu ish “xamirdan qil sug‘urgandek” oson kechishini bildirib, o‘zi ham ichki ishlar organi xodimi ekanligini, Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tergov boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yishini, 5000 AQSH dollari evaziga esa ishni tez va sifatli bitirishini aytadi. 

Telefon orqali suhbatlardan birida u ishni “boshlab yuborish” uchun pul zarurligini bildirib, 500 AQSH dollarini yetkazib berishni so‘raydi. Shu bilan birga, ushbu miqdordagi pulni “xamir uchidan patir”, deya ta’kidlaydi.

O‘zaro suhbatlar davomidagi oldi-qochdi gaplar tog‘a-jiyanlarda negadir shubha uyg‘otadi. Peshona teri bilan topgan pullarini soxta xodimga topshirib, aldanib qolishni istamagan fuqaro Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Navoiy viloyati bo‘limiga ariza bilan murojaat qiladi. 

– Fuqaroning arizasiga ko‘ra, IIV SHXBB Navoiy viloyati bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir tashkil etilib, gumonlanuvchi kelishilgan 5000 AQSH dollaridan 500 AQSH dollarini olayotgan paytda qo‘lga olindi, – deydi viloyat IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimov. – Hozirda holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

– Pul kerak bo‘lib qoldi. Hozir 500 AQSH dollari olib keling. Keyin qolganini ko‘raveramiz, dedim, – deydi gumonlanuvchi. – Nafs ustunlik qildi. Beraman degandan keyin olib kel, dedim. Bir hafta – o‘n kundan keyin pul tushadi. Qaytarib beraman, deb o‘ylagandim. O‘xshamadi. O‘zim uchun kerak edi 500 dollar. Ichki ishlarda hech qanday tanishim ham yo‘q. Qilgan ishimdan pushaymondaman. 

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, nafaqat ichki ishlar xodimlari, balki boshqa soha mansabdor shaxslari ham qonunlarni chetlab o‘tgan holda ichki ishlar organlariga fuqarolarni ishga qabul qilish vakolatiga ega emas. Ushbu tizimga esa faqat va faqat ochiq, shaffof holda vatanga, xalqqa sadoqat va halollik bilan xizmat qilishga tayyor bo‘lgan fuqarolar qabul qilinadi. 

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/NflI7AHl9zg" title="Ichki ishlar organlariga ishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan firibgar qo‘lga tushdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Shu bois o‘zini ichki ishlar yoxud boshqa organ xodimi sifatida tanishtirib, yordam taklif qiluvchi soxta shaxslar nayrangiga aldanib qolmang. Yuqoridagi kabi holatlarga duch kelsangiz Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining hududlardagi bo‘limlariga murojaat qiling. Ogoh bo‘ling.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri