French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ichki ishlar organlarida migratsiya va personallashtirish (+video)
17:34 / 2026-01-22

Bugun insoniyat yangi sivilizatsiya bosqichiga – sun’iy intellekt davriga dadil qadam qo‘ymoqda. Sun’iy intellekt texnologiyalari iqtisodiyotdan tortib, ta’lim, tibbiyot, sud-huquq, qishloq xo‘jaligi va boshqaruv tizimigacha chuqur kirib borayotir.

Bu jarayonda ichki ishlar organlari migratsiya va personallashtirish bo‘linmalarini bosqichma-bosqich tezkorlik va shaffoflik tamoyillari asosida aholiga yanada qulay va sifatli xizmat ko‘rsatuvchi “servis bo‘linmalar”ga aylantirishga ham zarurat sezilayapti. Buning uchun esa migratsiya va personallashtirish sohasida respublika – viloyat – tuman (shahar) bo‘linmalar faoliyatini tashkil etishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish va ular samaradorligini oshirish, sohada ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini raqamlashtirish talab etiladi.  

Ushbu vazifalar ijrosiga huquqiy zamin yaratish uchun mamlakatimiz Prezidenti “Ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish sohasidagi faoliyatini raqamlashtirish orqali sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Unga ko‘ra Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti to‘g‘risidagi nizom va bu sohadagi “yo‘l xarita” tasdiqlandi.  

Qarorga binoan, 2026 yil 1 maydan boshlab eksperiment tariqasida Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bittadan tuman (shahar) ichki ishlar organlari migratsiya va personallashtirish bo‘linmalarida o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi, sun’iy intellekt asosida faoliyat yuritadigan “Aqlli” migratsiya shoxobchalari (Smart migration stations) tashkil etiladi.  

Dastlabki bosqichda Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘ziga o‘zi ko‘rsatiladigan xizmatlar turlari kengaytirib boriladi. 2027 yil 1 mayga qadar eksperiment natijasidan kelib chiqib, “Aqlli” migratsiya shoxobchalarini respublikaning boshqa hududlarida, shuningdek, savdo va ko‘ngilochar markazlar, turistik hududlarda ham tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.  

Qarorda aholiga qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, 2026 yil 1 maydan boshlab Departament va uning hududiy boshqarmalariga O‘zbekistonga elektron kirish vizasi asosida kirib kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning elektron vizalarining amal qilish muddatini bir marotaba 30 kungacha uzaytirish huquqi beriladi.  

Chet el fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomani rasmiylashtirish vakolati Departament va uning hududiy boshqarmalariga ham beriladi. Hududiy ichki ishlar organlari rahbarlariga chet el fuqarolari ta’lim olayotgan muassasalar yoki mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan korxona va tashkilotlarda viza muddatini uzaytirish, turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun korxona, muassasa va tashkilotlar mablag‘lari hisobidan shartnoma asosida migratsiya bo‘linmasiga shahodatlangan qo‘shimcha shtat birliklarini kiritish huquqi beriladi.

Shuningdek, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab talabalar yotoqxonasiga joylashish bo‘yicha shartnoma tuzish bilan bir vaqtda, talabalarni turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishning kompozit tartibi joriy etiladi.  

2026 yil 1 fevraldan boshlab jismoniy shaxslarga identifikasiyalovchi ID kartalar birinchi marotaba rasmiylashtirilganda uning chipiga kiritiladigan elektron raqamli imzo sertifikati bepul beriladi hamda fuqaro “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash yagona axborot tizimida avtomatik tarzda bepul ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Migratsiya va personallashtirish departamenti jismoniy shaxslarning markaziy ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va doimiy yangilab borish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.

Ichki ishlar vazirligi 2026 yil 1 avgustga qadar sun’iy intellekt texnologiyalari asosida migratsiya va personallashtirish sohasiga oid elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish, onlayn huquqiy maslahat berish, yuklamasi kam bo‘lgan migratsiya bo‘linmalari haqida ma’lumot olish imkonini beruvchi “Pasport-viza” avtomatlashtirilgan axborot tizimi majmuasining “Passport-visa” mobil ilovasini ishlab chiqadi.

Bunda mazkur mobil ilova orqali ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan migratsiya va personallashtirish sohasiga oid elektron davlat xizmatlari dastlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yo‘lga qo‘yiladi.

2026 yil 1 sentyabrdan boshlab xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ularning oila a’zolarini O‘zbekiston Respublikasiga taklif qilish, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning biometrik harakatlanish hujjatlarini rasmiylashtirish uchun ariza yuborish, mulkdor yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining murojaati asosida uning turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligini bekor qilish uchun ariza yuborish

kabi davlat xizmatlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

Bulardan tashqari, shaxsga doir ma’lumotlar jamlangan “Yagona raqamli migratsiya” platformasi yaratiladi (Digital migration platform).

Ushbu qaror migratsiya va personallashtirish sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish orqali aholiga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatish hamda sohada raqamlashtirish jarayonlarini izchil davom ettirishga xizmat qiladi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/zGiULl8Oe9o" title="Ichki ishlar organlarida migratsiya va personallashtirish" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>   

Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA