O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi bayrami arafasida Farg‘ona viloyati IIB Tibbiyot bo‘limi poliklinikasi binosi kapital ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishda foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat IIB boshlig‘i, general-mayor Azizbek Ikramov, Ichki ishlar vazirligi Tibbiyot boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Nishonov mazkur zamonaviy ma’muriy binoning foydalanishga topshirilishi tizim xodimlari uchun bayramga munosib tuhfa ekanligini ta’kidladi.

Bunday sharoitlar xodimlarga yanada kuch-g‘ayrat bag‘ishlashga, xizmat sifatini oshirishga, ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning yanada samarali bo‘lishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Ma’lumki, ichki ishlar tizimi xodimlarining salomatligi, ularning xizmatga shay holda bo‘lishi mamlakat tinchligi va xavfsizligi uchun beqiyos ahamiyatga ega. Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi Tibbiyot bo‘limi bu borada soha uchun doimiy ravishda yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Davolash-profilaktika bo‘limi va poliklinikada 77 nafar malakali mutaxassislar faoliyat yuritmoqda.

Mazkur bino 1978 yilda qurilgan bo‘lib, o‘tgan yillar davomida ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan edi. Soha xodimlariga munosib shart-sharoit yaratish maqsadida bino kapital ta’mirlangach, zamonaviy qiyofa kasb etdi. Shu bilan birga, qo‘shimcha ravishda yangi kutish zali va oshxona qurib bitkazildi. 50 o‘rinli ma’rifat zali tashkil etildi.

Tantanali tadbirda bir guruh tibbiyot bo‘limi xodimlari faxriy yorliq va sovg‘alar bilan taqdirlandi. Tibbiy bo‘limga 2 ta yangi xizmat avtomashinalari topshirildi.

Ramziy lenta qirqilib, zamonaviy binoda yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat) O‘zA