Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ichki ishlar organlari xodimlari sharaflandi
14:36 / 2022-10-25

Surxondaryo viloyatida Ichki ishlar organlari tashkil etilganining 31 yilligi hamda 25 oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni keng nishonlandi.

Osoyishtaligimiz posbonlarining asosiy bayram tadbiri Termiz shahridagi muhtasham San’at saroyi binosida tantanali marosim bilan boshlandi.

Davlat va jamoat tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari rahbarlari, viloyat ichki ishlar organlari rahbar va xodimlari, faxriylar va xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan fidoyi o‘g‘lonlarning oila a’zolari, jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimi To‘ra Bobolov tinch, osuda hayotimiz qo‘riqchilari, huquq va erkinliklarimizning ishonchli himoyachilarini kasb bayramlari bilan samimiy tabrikladi. Mustaqillik yillari barcha sohalar qatori ichki ishlar organlari ham g‘oyat mas’uliyatli va ayni paytda sharafli yo‘lni bosib o‘tgani haqida atroflicha fikr yuritdi.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan ayniqsa, keyingi yillarda ichki ishlar organlarida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilib, tamomila yangi tizim yaratildi, –dedi To‘ra Bobolov. – Natijada zamonaviy moddiy-texnik vositalar bilan ta’minlangan sohaning yuksak bilim va professional ko‘nikmalarga ega xodimlari tom ma’noda xalq manfaatlari uchun xizmat qilib, tinchlik va osoyishtaligimizni ta’minlayotgani e’tiborga sazovor. Dunyoning ayrim davlatlarida turli nizolar, notinchliklar yuzaga kelayotgan bir paytda Vatanimiz jinoyatchilikdan xoli, tinch, osoyishta mamlakatlar qatoridan o‘rin olib turgani bilan har qancha faxrlansak arziydi. Nufuzli xalqaro tashkilotlar ham e’tirof etayotgan bu buyuk ne’mat, obod va to‘kin hayot o‘z-o‘zidan paydo bo‘layotgani yo‘q. Bu davlatimiz rahbari g‘oyasi bilan olib borilayotgan xalqchil islohotlar va ichki ishlar organlari xodimlarining nufuzini oshirish, sohani xalqning ishonchli suyanchig‘iga aylantirish yo‘lida yuz berayotgan o‘zgarishlarning amaldagi samarasidir.

Inson qadri ulug‘lanayotgan mamlakatimizda ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, samarali faoliyat yuritishi uchun munosib mehnat sharoiti yaratish davlatimiz belgilab olgan vazifalarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Xususan, imtiyozli narxlarda ipoteka kreditlari asosida ko‘p qavatli namunaviy loyihadagi arzonlashtirilgan uy-joylar qurib berilmoqda. Ijarada turgan xodimlarning ijara to‘lov pullarini kompensatsiya asosida to‘lab berish amaliyoti joriy etildi. Xizmat vazifasini a’lo darajada bajarayotgan xodimlarni moddiy rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yildi.

Osoyishtaligimiz posbonlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash maqsadida hududlarda yirik bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, barcha qulayliklarga ega yangi binolar barpo etilmoqda. Bunga Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar ham yaqqol misoldir. Shu yil mustaqilligimizning 31 yilligi bayrami arafasida 7 milliard 562 million so‘m mablag‘ evaziga viloyat IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasining yangi binosi, qiymati 5 milliard 112 million so‘mlik aniq yashash va ish joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi foydalanishga topshirildi. Ichki ishlar organlari kuni arafasida 1 milliard 904 million so‘m mablag‘ sarflanib, qayta ta’mirlangan Qumqo‘rg‘on tumani ichki ishlar bo‘limi binosi, viloyat ichki ishlar boshqarmasining yopiq tipdagi zamonaviy yangi sport majmuasi, Denov tumani ichki ishlar boshqarmasi yangi binosining tantanali ochilish marosimlari o‘tkazildi. Zamonaviy sport majmuasini qurib, jihozlash uchun 6 milliard 817 million, Denov tumani ichki ishlar boshqarmasining yangi binosini qurish uchun 18 milliard 523 million so‘m mablag‘ sarflandi. 11 milliard 511 million so‘m mablag‘ evaziga Bandixon tumani ichki ishlar bo‘limining barcha sharoitlarga ega yangi binosi barpo etildi. Sharg‘un shahar ichki ishlar bo‘limi binosi 2 milliard 500 million so‘m evaziga qayta qurildi. Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining Angor va Sariosiyo tumanlaridagi ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish binolarida yirik hajmdagi qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, xodimlar uchun qulaylik yaratildi.

Keyingi yillarda tizimning tubdan yangilanayotgani quyi bo‘g‘inlarda ham o‘z ifodasini topmoqda. “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati qayta ko‘rib chiqilgach, vohada 723 ta o‘zini-o‘zi boshqarish organida xizmat olib borgan 491 nafar profilaktika inspektoriga qo‘shimcha 236 ta shtat birligi ajratilib, ularning soni 732 nafarga yetkazildi. Bugun har bir mahallada bir nafardan profilaktika inspektori faoliyat yuritmoqda. Mahallasi hududidan uy-joy va xizmat xonasi bilan ta’minlandi.

Sohada yuz berayotgan bu kabi o‘zgarish va yangilanishlar jinoyatchilikni jilovlab, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibi va xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Masalan, yilning o‘tgan davrida viloyatdagi 311 ta mahallada umuman jinoyat sodir etilmadi. Bosqinchilik, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, qasddan badanga yengil shikast yetkazish, o‘g‘rilik, bezorilik, transport vositasini olib qochish, hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish kabi jinoyatlar, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari sezilarli darajada kamaydi.

Tantanali marosimda samarali xizmatlari uchun bir guruh xodimlarga Ichki ishlar vazirligining ko‘krak nishonlari, pul mukofotlari, qimmatbaho va esdalik sovg‘alari topshirildi. Viloyat hokimi va viloyat ichki ishlar boshqarmasining faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

– Ichki ishlar organlari tashkil etilganining 31 yilligi hayotimda unutilmas iz qoldirmoqda, – deydi Termiz shahar IIB 1-sonli ichki ishlar bo‘limi navbatchilik qismi navbatchisi, katta serjant Farhod Do‘lanov. – “A’lo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. Kamtarona xizmatlarimga ko‘rsatilgan bunday e’tibor va e’tirof Vatan oldidagi burchimni yanada sadoqat bilan bajarishga undadi. So‘nggi yillarda ichki ishlar organlari xodimlariga qaratilayotgan yuksak e’tibor tufayli sohada ko‘plab yangilanishlar yuz berdi. Bo‘limlarning ham moddiy-texnik bazasi yaxshilandi. Jinoyatchilikning oldini olishda tamomila yangicha tizim joriy etildi. Xizmat vazifasini sifatli bajarish uchun barcha sharoit yaratilib, ibratli faoliyat yuritayotgan xodimlarni rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yildi. Bularning barchasi uchun davlatimizdan behad minnatdormiz.

Tantanali tadbir san’at ustalarining qiziqarli konsert dasturi bilan yakunlandi.

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA