Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ichki ishlar organlari xodimlari, pensionerlari va ularning oila a’zolari turar joy bilan ta’minlanadi
13:33 / 2025-08-29

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Ichki ishlar organlari xodimlari va pensionerlari hamda ularning oila a’zolarini turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, Ichki ishlar organlarining xodimlari va pensionerlari hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda ularni turar joy bilan ta’minlash maqsadida quyidagi shaxslarga ularga berilgan xizmat uy-joylari xususiylashtirib beriladi: 

2022 yil 4 iyulga qadar ichki ishlar organlarida xizmat qilib, pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddatini o‘tagan yoki xizmat davrida orttirilgan kasallik (nogironlik) oqibatida rezervga va iste’foga bo‘shatilgan, o‘zi va turmush o‘rtog‘ining nomida shaxsiy turar joy bo‘lmagan pensionerlarga yoxud vafot etgan pensionerlarning nomida shaxsiy turar joy bo‘lmagan oila a’zolariga (eri (xotini), farzandlari yoki qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarga); 

vafot etgan xodimlarning oila a’zolariga (eri (xotini), farzandlari yoki qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarga), basharti ularning nomida shaxsiy turar joy bo‘lmasa.

Mazkur qarorda ko‘rsatilgan shaxslarga xizmat uy-joylari Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 4 iyuldagi 354-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan xususiylashtirib beriladi. 

Qarorga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 4 iyuldagi 354-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

O‘zA