Ichki ishlar organlari tizimiga ishga joylashtirishni va’da qilgan firibgar qo‘lga olindi
O‘zbekiston Respublikasi IIV Shaxsiy xavfsizlik Bosh Boshqarmasi Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Natijada Buxoro shahar B.Naqshband ko‘chasida joylashgan “Korzinka” savdo majmuasi yonida fuqaro N.S. o‘zga bir fuqaroni aldab, unga o‘zini IIV SHXBB Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimi deb tanishtiradi.
IIVda ishlovchi vakolatli tanishlari orqali ichki ishlar organlariga ishga joylashtirishni va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan kimyoviy ishlov berilgan 2500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Holat yuzasidan N.S. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA