Shakar mahsulotini ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi mahalliy tadbirkorlarning 2023 yildagi faoliyatida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha Hukumat tomonidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
bugungi kunda mahalliy shakar zavodlari shakar xomashyosini jahon birja kotirovkalariga nisbatan arzon narxlarda Braziliya davlatidan xarid qilishmoqda.
Xususan, joriy yil 15 aprel holatiga mazkur zavodlarda 357 ming tn shakar mahsuloti resurslari mavjud hamda arzon narxlarda xomashyo yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar imzolangan. Shundan, omborda 8 ming tn tayyor shakar va 78 ming tn xomashyo mavjud. Iyun oyiga qadar 271 ming tn xomashyo yetkazib beriladi.
Shuningdek, ichki bozorni shakar mahsuloti bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda va birinchi bosqichida (joriy yil 1 mayga qadar) shakar ishlab chiqarish quvvatlarini o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga oshirilishi, natijada sutkasiga 2,5 ming tonnagacha shakar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.
Bunda yillik shakar ishlab chiqarish 600 ming tonnadan 1 million tonnagacha oshishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda aholiga shakar 11 ming 500 – 14 ming so‘m, ayrim olis hududlarda 12 ming – 15 ming so‘mgacha chakana narxlarda realizatsiya qilinmoqda.
Xulosa qilib aytganda, respublika aholisining yillik ehtiyojini (o‘rtacha 650 ming tn) barqaror ta’minlash uchun zarur darajada (1 mln tn) shakar mahsuloti mavjud va hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q.
O‘zA