Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ichki bozorda teng va adolatli raqobat uchun yangi qadam
18:25 / 2025-11-12

Yurtimizda raqobat muhitini mustahkamlash, mahsulotlar narxini barqarorlashtirish va ichki bozordagi shaffof savdoni ta’minlash har doim e’tibor markazida bo‘lib kelgan. Ayniqsa, yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar — paxta moyi, shroti va sheluxasi kabi tovarlar, bozordagi raqobat va narxlarning adolatli shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, bu turdagi mahsulotlarning birja orqali sotilishi va ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida realizatsiya qilish holatlari alohida nazoratda bo‘ladi.

Shu nuqtai nazardan Raqobat qo‘mitasi tomonidan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolari orqali sotuvchi yog‘-moy korxonalari tomonidan birja savdolariga qo‘yilishi, birja savdolarida narxlar sun’iy oshishining oldini olish bo‘yicha nazorat o‘rnatilib, kunlik va oylik monitoring kuzatuvlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga asosan monopol bo‘lmagan va (yoki) ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan yoki davlat ulushi mavjud bo‘lmagan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan paxta texnik chigiti, paxta moyi (shu jumladan, ekstraksiya paxta moyi), qayta ishlangan chigit chiqindilari (shrot, sheluxa) mahsulotlari ichki bozorda faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinishi belgilangan.

Qo‘mitaning Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “FOREVER SERVICE” MCHJning paxta yog‘i, paxta shroti va paxta sheluxasi mahsulotlarini birja savdolari orqali sotish faoliyati yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.

Olib borilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, “FOREVER SERVICE” MCHJ tomonidan jami 4 milliard 800 million so‘mdan ortiq jumladan, 117 tonnaga yaqin paxta yog‘i, 717 tonnadan ortiq paxta shroti va 154 tonna paxta sheluxasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotilgan. Natijada yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni birja savdolarida shakllangan o‘rtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslanganda jami 55 million so‘mga yaqin tafovut (farq) holatlari aniqlandi.

Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, Qo‘mitaning Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan “FOREVER SERVICE” MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi.

Shu bilan birgalikda, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.

N.Rahmonova, O‘zA