Suv inson organizmining barcha hujayralari uchun ozuqa hisoblanadi.
Aynan suv har bir organning katta qismini egallaydi. Masalan, qondagi suv miqdori - 90 foiz bo‘lsa, miya - 85 foiz, mushaklar - 75 foiz, jigar - 65 foiz, suyaklar - 28 foiz, yog‘ to‘qimalari esa 25 foiz suvdan tashkil topgan. Organizmdagi barcha kimyoviy reaksiyalar suv ishtirokida bo‘ladi.
Ammo iste’moldagi suvlar har doim ham yaroqli bo‘lavermaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jo‘mrakdan oqib turgan suvni iste’mol qilayotib odamlar 85 ta ma’lum kasalliklarni o‘ziga yuqtirishi mumkin va dunyo bo‘ylab bunday kasalliklardan har yili 25 million kishi nobud bo‘ladi.
Manbalarga ko‘ra, odamlar hayoti davomida 75 tonna suvni iste’mol qiladi va kasalliklarining 80 foizi suv bilan organizmga kiradi.
Masalan, uzoq vaqt temir moddasi yuqori bo‘lgan suvning iste’moli jigar kasalligini keltirib chiqarishi mumkin.

Odamlar tozalamay ichadigan suvda esa magniy va kalsiy tuzlari bo‘lgani uchun u qattiqlashadi va bundan tashqari suvda kimyoviy va mexanik aralashmalar, ko‘plab viruslar va bakteriyalar sababli qarish jarayonini 30 foizga tezlashtiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti tomonidan ichimlik suvini zararsizlantirish uchun portativ qurilma yaratildi. Ushbu qurilma ichimlik suvi manbasini ifloslanish xavfi mavjud bo‘lgan sharoitlarda - dalada, lagerda, turli xizmat safarlarida ichimlik suvini zararsizlantirib iste’molga yaroqli bo‘lishini ta’minlashi uchun mo‘ljallangan.
Qurilmaning ishlashi metall ionlarining suvga elektrolizi ta’siriga asoslangan bo‘lib, ular keng ko‘lamli patogen mikroorganizmlarni (jumladan, dizenteriya, vabo, tif va boshqalar patogenlarini) yo‘q qiladi.
Qurilmaning o‘ziga xos xususiyati shundaki, ichimlik suvi standartlariga javob beradigan metallarning past konsentratsiyasida kengroq bakteriyalarga qarshi yuqori biosid faollikni ta’minlaydigan o‘ziga xos tri-metall qotishmasidan foydalanishdir. Tozalangan suv 12 oy davomida iste’mol qilish uchun xavfsizdir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA