Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ichimlik suvini tejash – hamma uchun muhim
11:29 / 2025-05-29

Qashqadaryo viloyatida ichimlik suvini tejash va undan oqilona foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamli targ‘ibot ishlariga qaramay, noqonuniy ulanish holatlari hali ham uchrab turishi aholi va mutasaddilar uchun katta tashvish uyg‘otmoqda. Har bir suv quvuri – bu shahar va qishloq aholisi uchun muhim resurs bo‘lib, uning noqonuniy ravishda iste’mol qilinishi nafaqat iqtisodiy zarar keltiradi, balki suv ta’minoti tizimiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Yaqinda “Qashqadaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati hamda viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyasi xodimlari bilan hamkorlikda G‘uzor tumanida o‘tkazilgan reyd tadbirida shunday noqonuniy ulanish holati aniqlandi.

Tadbirda ma’lum bo‘lishicha, tumanning “Qovchin” mahallasi hududidan o‘tadigan “Shahrisabz-Qarshi” magistral ichimlik suvi quvuriga 50 millimetrli plastmassa quvur orqali o‘zboshimchalik bilan ulanib, suv dala maydonini sug‘orish uchun ishlatilmoqda. Bu holatda mutaxassislarning taxminiy hisob-kitobiga ko‘ra, bir soatda 18 kub metr, sutka davomida esa 450 kub metr ichimlik suvi noqonuniy ravishda oqib ketishi mumkin.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu suv miqdori bir kunda 6 mingdan ortiq odamni ichimlik suvi bilan ta’minlash imkoniyatiga ega. Bu esa suv resurslarining qanchalik beqadr sarflanayotganini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, “Qashqadaryo suv ta’minoti” mas’ullari zarar summasini 1 milliard 35 million 326 ming so‘mga baholamoqda.

[gallery-23638]

Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyasi bosh mutaxassisi Alisher Muxtorovning ta’kidlashicha, joriy yilda shunga o‘xshash 11 ta holat aniqlanib, 2 milliard 102 million so‘mlik noqonuniy ulanishlar bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli choralar ko‘rish uchun taqdimnomalar kiritilgan.

Reyd davomida noqonuniy ulanma, “Qashqadaryo suv ta’minoti”ga qarashli avariya brigadasi tomonidan bartaraf etildi va tarmoqdan uzildi. 

Hozirda ushbu holat yuzasidan dala maydoni kimga tegishli ekanligi aniqlanmoqda va qonunchilik asosida tegishli choralar ko‘riladi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, dunyoda suv resurslari ko‘payish emas, kamayish yo‘lida ekanligiga qaramay, ba’zi aholi va tashkilotlar tomonidan suvdan oqilona foydalanishga amal qilinmayotgani salbiy oqibatlarga olib kelmoqda. Shu sababli ham mahalliy hokimiyat va tegishli idoralar tomonidan suv resurslarini muhofaza qilish, suv tejash texnologiyalarini keng joriy qilish hamda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha targ‘ibot ishlari izchil olib borilmoqda.

Birgina Qashqadaryo viloyatidagina emas, butun mamlakat miqyosida ham ushbu muammoni bartaraf etish uchun huquqiy choralar kuchaytirilmoqda va noqonuniy suv iste’mol qilish holatlariga nisbatan qat’iy munosabat bildirilmoqda.

Ichimlik suvi – barcha uchun aziz va qimmatli resurs. Shu bois uning har bir kub metridan oqilona foydalanishimiz, kelajak avlodlarga toza suvni saqlab qolishimiz zarur.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari