Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ichimlik suvidan noqonuniy foydalanmang
14:22 / 2026-02-14

Buxoro viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi hamda “Buxoro suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati xodimlari o‘zaro hamkorlikda hududlarda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda oqova suv xizmatlaridan qonuniy va oqilona foydalanish qoidalariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida muntazam ravishda nazorat va reyd tadbirlarini amalga oshirmoqda.

Navbatdagi kompleks reyd tadbirlari Buxoro tumanida joylashgan “Zarmanoq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tashkil etildi. Tadbir doirasida aholining markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti tizimiga ulanish holati, hisoblagichlardan foydalanish madaniyati, qonuniy shartnomalar asosida xizmatlardan foydalanish tartibi hamda oqova suv tarmoqlariga ulanish atroflicha o‘rganildi. Tekshiruvlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, mazkur mahallada istiqomat qiluvchi 1204 nafar iste’molchi markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti tizimiga qonuniy tarzda ulangan. Shu bilan birga, reyd jarayonida 1 nafar fuqaro tomonidan vodoprovod tarmog‘idan foydalanish qoidalarini buzish holati aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirildi.

Xuddi shunday nazorat tadbirlari Kogon shahridagi “Maxtumquli” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ham o‘tkazildi. Mazkur hududda ham aholining ichimlik suvi ta’minoti tizimidan foydalanish holati o‘rganilib, natijada 1105 nafar iste’molchi markazlashgan ichimlik suvi tarmog‘iga ulangani ma’lum bo‘ldi. Tekshiruv davomida 1 nafar fuqaro tomonidan ichimlik suvi tarmoqlaridan qoidabuzarlik bilan foydalanish holati qayd etildi va qonunchilikka muvofiq rasmiy choralar ko‘rildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-sonli qarori talablariga muvofiq, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish, hisoblagich uskunalarini noqonuniy o‘zgartirish, tarmoqlarga ruxsatsiz ulanib foydalanish qat’iyan taqiqlanadi va bunday holatlar qonunchilikda belgilangan tartibda ma’muriy hamda boshqa turdagi javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Aniqlangan qoidabuzilish holatlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 163-moddasi 1-qismiga asosan huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy jarima chorasi qo‘llanildi. Shuningdek, ularga qonunchilik talablariga binoan kommunal xizmatlardan qonuniy foydalanish tartibi hamda jamoat manfaatlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Ayni paytda hududlarda ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlarini barvaqt aniqlash, qoidabuzarliklarning oldini olish, aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish, hisob-kitob intizomini mustahkamlash hamda kommunal infratuzilma barqarorligini ta’minlashga qaratilgan nazorat va profilaktika tadbirlari tizimli ravishda davom ettirilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA