Ichimlik suvidan noqonuniy foydalanish man qilinadi
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi Yangidiyor mahallasida o‘tkazilgan navbatdagi tekshiruvda ikki nafar fuqaro — Q.R. va B.A. ichimlik suviga noqonuniy ulangani aniqlandi.
Natijada suv o‘g‘rilarining har biriga 8 million 240 ming so‘mdan jarima solindi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 163-moddasida bu haqda aniq yozilgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi “Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida ichimlik suviga ruxsatsiz ulanish mutlaqo man etiladi.

Mamlakatda suv tejalmoqda. Dehqon suvni uzoqdan tortib kelyapti, ekin dalasidagi har tup niholni tomchilatib sug‘orayapti. Aholiga suv belgilangan vaqtlarda berilyapti. Shunday paytda qonunni chetlab, suvdan xohlaganicha va tekinga foydalanish — bu jinoyat!
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri