Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ichimlik suvidan foydalanishda 174 dan ortiq noqonuniy holatlar aniqlangan
18:44 / 2024-07-25

Navoiy viloyatida 2024 yilning yanvar-iyun oylari davomida Nurota tumanining Bo‘ston mahallasida qiymati 9,5 milliard so‘mlik 20 km ichimlik va Navbahor tuman markazida 5 km oqova suvi tarmoqlari tortildi. 1 dona ichimlik, 1 dona oqova suv inshootlarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 84,8 foizga yetkazildi.

Bu haqda “Navoiy suv ta’minoti” AJ hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi hamkorligida viloyat aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.  

Ta’kidlanganidek, joriy yil yakuniga qadar yana qiymati 9,5 milliard so‘mlik 30 km ichimlik hamda 3 km oqova suvi tarmoqlarini tortish ishlari amalga oshiriladi.  

Bundan tashqari, “Navoiy suv ta’minoti” AJning shahar va tuman bo‘limlari tomonidan ta’mirtalab holatda bo‘lgan 8,8 km uzunlikdagi ichimlik suv tarmoqlari va 63 dona nasos uskunalarini ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida jami rejalashtirilgan ishlarning 90 foizi bajarilgan.  

– Bugungi kunda “Navoiy suv ta’minoti” AJ tomonidan 207 ming nafar aholi, 3,8 ming yuridik iste’molchilarga ichimlik va oqova suv xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda, – deydi AJ direktori o‘rinbosari Saidazim Shernazarov. – Ayni paytda mavjud iste’molchilarning 94 foizi suv hisoblagich uskunalari bilan ta’minlangan. Shuningdek, o‘tgan 6 oy davomida Davlat dasturlari doirasida 9 ming 200 dan ortiq iste’molchilar ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanib, billing dasturiga kiritildi.  

[gallery-18425]

2024 yil 1 iyul holatiga aholi va yuridik iste’molchilarning ichimlik va oqova suv xizmatlaridan jami debitor qarzdorligi 11,1 milliard so‘mni tashkil qilib, yil boshiga nisbatan 3,5 milliard so‘mga kamaytirishga erishildi.  

Jamiyatda tezkor ishchi guruhi tuzilgan bo‘lib, o‘tkazilgan o‘rganishlarda aniqlangan ichimlik suvidan noqonuniy va o‘zboshimchalik bilan foydalanish holatlari yuzasidan tegishli choralar ko‘rib kelinmoqda. Jumladan, o‘tgan 6 oy davomida ichimlik suvidan foydalanish bo‘yicha reyd tadbirlarida 174 dan ortiq noqonuniy holatlar aniqlanib, “Navoiy suv ta’minoti” AJga yetkazilgan zarar miqdori 2,2 milliard so‘mni tashkil qilgan.  

Shundan, 3 ta holatda Jamiyat manfaatlariga 1,1 milliard so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlanib, to‘plangan barcha hujjatlar tegishligicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Ular tomonidan olib borilgan surishtiruv va tergov natijasiga ko‘ra, 3 nafar xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Shuningdek, sudlar tomonidan 77 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan 220,9 million so‘m miqdorida ma’muriy jazo choralar belgilandi.  

“Navoiy suv ta’minoti” AJ tomonidan 2024 yil 1 iyul holatiga I-III guruh iste’molchilarining ichimlik suvidan mavjud muddati o‘tgan debitor qarzdorliklarni majburiy undirish uchun sudlarga qariyb 2,1 milliard so‘mlik 1911 ta da’vo arizalari kiritildi. Ushbu kiritilgan da’vo arizalarning 1217 tasi bugungi kungacha to‘liq sud tomonidan qanoatlantirib berildi.  

Matbuot anjumanida tizim mutasaddilari jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.  

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari