Xalq deputatlari Nukus shahar Kengashidagi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi deputatlik guruhi yig‘ilishida “Qoraqalpoq suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati Nukus shahar filiali tomonidan aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdim etilgan hisoboti tinglandi.
Yig‘ilishda filial rahbari K.Sodiqov ishtirok etib, 2025 yilning yanvar–iyul oylari davomida amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va kelgusidagi rejalar haqida batafsil axborot berdi.
Ta’kidlanganidek, Nukus shahar aholisining 99,9 foizi yoki 344,4 ming nafar kishi markazlashtirilgan ichimlik suvi tarmog‘i bilan ta’minlangan. Suv ta’minoti asosan — “Nukus” suv tozalash inshooti hamda “Qizketken” suv taqsimlash inshooti orqali amalga oshirilmoqda. Jami suv tarmoqlari uzunligi 729,9 kilometr bo‘lib, shundan 112,2 kilometri — yirik suv tarmog‘i, 617,7 kilometri esa mahalliy tarmoq hisoblanadi. Filial tomonidan 2025–2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 500 metr suv tarmog‘ini mukammal, 4 ming 600 metr suv tarmog‘ini joriy ta’mir ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilning 7 oyida shuning 150 metr suv tarmog‘ida mukammal, 1 ming 500 metr suv tarmog‘ida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 22 yanvardagi “2022 — 2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida “Suv ta’minoti va oqova suv tizimlarini rivojlantirish” jamg‘armasi hisobidan 47 milliard 371 million so‘mlik mablag‘ evaziga “Nukus” suv tozalash inshootida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, shahar hokimligi tomonidan ajratilgan mablag‘ hisobidan 11 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 11,48 km ichimlik suv tarmog‘ini qayta qurish ishlari amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 7 oyida 1051 qisqa raqami orqali dispetcherlik xizmatiga 565 ta avariya holati yuzasidan murojaat kelib tushgan bo‘lib, barchasi o‘z vaqtida bartaraf etilgan. Oqova suv xizmati bo‘limiga esa 2 ming 128 murojaat kelib tushgan va ular ham to‘liq hal etilgan. Shuningdek, 8 dona nasos agregatida ta’mirlash ishlari olib borildi.
Filial tomonidan 79 ming 904 ta abonentga xizmat ko‘rsatilmoqda. Bugungi kunga aholining ichimlik va oqava suv xizmatidan debitor qarzdorligi 9 milliard 419 million so‘mni tashkil etmoqda.
Yig‘ilish davomida deputatlar hisobot yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirib, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surishdi. Jumladan, debitorlik qarzdorlikni qisqartirish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, ta’mirlash ishlarini tizimli tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri