“Andijon viloyati suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Andijon viloyatida hududlarni suv bilan ta’minlash, aholiga toza ichimlik suvi yetkazib berish, iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish” mavzusida matbuot anjumani va press tur o‘tkazildi.
27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni oldidan o‘tkazilgan tadbirda bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat va nodavlat tashkilotlari matbuot xizmatlari rahbarlari, blogerlar ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida “Andijon viloyati suv ta’minoti” MCHJ rahbari Shuxratbek Matmusayev so‘z olib, jurnalist va ommaviy axborot vositalari xodimlarini kasb bayrami bilan muborakbod etdi. Aholini ichimlik suv bilan ta’minlash, oqova suv tarmog‘ini yaxshilash borasida joriy yilning o‘tgan besh oyi davomida amalga oshirilgan ishlar xususida ma’lumotlar berildi.
[gallery-7711]
– Keyingi yillarda mamlakatimizda, xususan, Andijon viloyatida aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash, odamlarning turmush farovonligini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, – deydi jamiyat rahbari Sh. Matmusayev. – Birgina Andijon viloyatida 65 ta ob’ektda qurilish, ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, 471 kilometr uzunlikdagi ichimlik va oqova suv tarmog‘i tortildi. Ana shu ishlarni amalga oshirish uchun 194,1 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida viloyatdagi 115 ta mahallada yashovchi 49,5 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suv bilan ta’minlangan bo‘lsa, 80 ming nafardan ziyod aholining ichimlik suv ta’minoti yanada yaxshilandi. Jumladan, ko‘p yillardan buyon ichimlik suv ta’minotidagi muammolar tufayli aziyat chekib kelayotgan Baliqchi tumanidagi Sherobod, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Iqtisodchi, Oltinko‘l tumanidagi Xondibog‘i mahallalariga ham ichimlik suv yetib bordi. Bundan tashqari, 36,5 ming nafar aholi yashaydigan xonadonlar birinchi bor oqova suv tarmog‘iga ulandi. bugungi kunga kelib Andijon viloyatida aholining ichimlik suv bilan ta’minlanish darajasi 82,4 foizdan 84 foizga, oqova suv tarmog‘i bilan ta’minlanish darajasi 7,1 foizdan 7,8 foizga ortdi.
Anjumanda yilning o‘tgan davri mobaynida Andijon, Jalaquduq, Izboskan, Oltinko‘l, Paxtaobod, Baliqchi, Shahrixon, Asaka va Marhamat tumanlari hokimliklari tomonidan ajratilgan 3,4 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ hisobiga hududlarda 36 dona yangi suv nasosi o‘rnatilganligi, 96 kilometr yangi suv tarmog‘i tortilganligi ta’kidlandi. Shuningdek, anjumanda kelgusida amalga oshirilishi belgilangan ishlar xususida ham ma’lumotlar berildi. Andijon viloyatida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan istiqbolli loyihalar doirasida 5 ming 700 kilometr ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, 1 ming 21 dona suv inshooti hamda 813 kilometr oqova suv tarmog‘i, 19 ta oqova suv inshootini qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish belgilanganligi aytib o‘tildi.
Matbuot anjumani doirasida “Andijon viloyati suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyatini, sohada olib borilayotgan ishlarni yoritishda faollik ko‘rsatayotgan bir guruh jurnalist, bloger hamda axborot xizmatlari rahbarlariga esdalik sovg‘alar topshirildi. Shundan so‘ng “Andijon” oqova suv tozalash inshootiga press-tur tashkil etildi. Ishtirokchilar inshoot faoliyati, oqova suvni tozalash jarayonlari bilan bevosita tanishdi. Umumiy maydoni 32 gektarni tashkil etuvchi mazkur inshoot bir kecha kunduzda Andijon shahridan chiqadigan 110-120 ming metr-kub oqova suvni tozalash imkoniga ega. Inshoot ayni kunda 183 ming nafar aholiga hamda 2 mingdan ziyod yuridik tashkilotga xizmat ko‘rsatadi.
Press-tur davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
F.UBAYDULLAEV,
Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA