FOTOREPORTAJ
Namanganda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish yo‘lida bosqichma-bosqich chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ishlar ayni kunlarda Namangan shahrining Sanoat mahallasida jadal tus olgan.
Mazkur hududda “Fargʻona omegamed” MCHJ tomonidan 2 ming 250 metr uzunlikdagi, 225 millimetrli suv quvuri tortilmoqda. Bu ishlar natijasida 5 mingga yaqin xonadon toza ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlanadi. Ish jarayoniga korxonaning 10 dan ortiq zamonaviy texnikasi va 30 nafar malakali mutaxassisi safarbar qilingan. Qurilish-ta’mirlash ishlarida zamon talablari asosida, xavfsizlik va sifat standartlariga to‘liq rioya qilinmoqda.
[gallery-24502]
Ushbu loyiha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mablag‘lari hisobiga moliyalashtirilayotir. Bu esa xalqaro hamkorlik asosida amalga oshirilayotgan islohotlarning yana bir amaliy ifodasidir.
Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Iskavot qishlog‘i aholisi uchun ham quvonchli yangilik – endilikda G‘alaba va Mash’al mahallalarida 17,5 kilometrlik yangi ichimlik suvi tarmog‘i tortilayotir.
Loyiha yakunlangach, 3 mingdan ziyod xonadon, ya’ni 20 ming nafardan ziyod aholi ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Aholi vakillari ushbu ezgu ishlardan bag‘oyat mamnun.
Chekka hududlarda ham infratuzilmaviy islohotlar olib borilayotgani, bugungi kunda davlatimiz rahbarining “Inson manfaati – hamma narsadan ustun”, degan g‘oyasining izchil amalga oshirilayotganidan dalolatdir.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA