Buxoro viloyatida aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha qisqa fursatda amalga oshirilgan ishlarga kishining ishongisi kelmaydi.
Prezidentimizning 2023 yil 25 dekabrdagi “2024 - 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Buxoro viloyatining Olot tumanida ta’minot 86,0 foizdan 99,7 foizga, Qorako‘l tumanida 53,0 foizdan 98,6 foizga, Buxoro tumanida 55,0 foizdan 94,3 foizga hamda Qorovulbozor tumanida 49,6 foizdan 100 foizga yetkazildi. Xususan, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokida “Buxoro viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish” loyihasi bu borada muhim o‘rinni egalladi. Viloyatning eng olis tumanlaridagi yirik loyiha doirasida quvvati sutkasiga 50 ming m3 bo‘lgan “Dvoynik” suv tozalash inshooti rekonstruksiya qilindi. 22 km uzunlikda “Dvoynik-Olot” magistral suv tarmog‘i, “Yangibozor” hamda “Jumabozor” suv tarqatish inshootlari qurildi, Mazkur xalqaro investitsiya loyihasi natijasida Olot tumani aholisining turmush farovonligi yaxshilandi.
Aytish lozim, xalqaro hamkorlik tufayli viloyatning yana bir olis tumani Qorovulbozorda ham qiymati 1,6 million AQSH dollari bo‘lgan yirik suv infratuzilmasi ob’ektlari barpo etildi. Loyiha doirasida “Bo‘zachi” va “Navbahor” suv taqsimlash inshootlari rekonstruksiya qilingan bo‘lsa, “Jarqoq” yangi suv taqsimlash inshooti barpo etildi. Shuningdek, 9 km ichimlik suvi tarmoqlari qurib bitkazildi. Mazkur inshootlarda zamonaviy texnologiyalar joriy etilib, toza suv havzalari, nasos va filtrlash stansiyalari, quyosh panellari, suv o‘lchagichlar va dizel generatorlari o‘rnatildi. SKADA tizimi orqali masofaviy boshqaruv yo‘lga qo‘yildi.
–Yoshlarga ta’lim-tarbiya berayotgan ustoz sifatida bugungi o‘zgarishlarga qarab, Prezidentimiz tomonidan eng chekka, olis cho‘llarda joylashgan hududlarga ham e’tibor katta bo‘layotganiga xursand bo‘lasan kishi, – deydi Qorovulbozor tumanidagi 5-maktab direktori Zebiniso Sayfullayeva. –Bunday tinch, osuda kunlarga shukronalik yarashadi. Bir necha yillar davomida texnik suvlarni iste’mol qildik. Bu sharoitning yaratilganligi, suvning sifat darajasi oshirilganligi kelajak avlodning sog‘lom o‘sishiga xizmat qiladi.
Mazkur loyiha natijada 8000 nafarga yaqin aholi, 3 ta maktab, 3 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 1 ta “Yoshlar markazi” va 3 ta OSHP ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlanadigan bo‘ldi, 3800 m³ toza suv zaxirasi yaratildi.
[gallery-25970]
–Tumanimiz eng yosh tumanlardan biri hisoblanadi, –deydi Qorovulbozor tumanidagi 3-maktab direktori Otabek Usmonov. –Agar oldingi holat bilan bugungi holatni taqqoslasak, juda katta yangiliklar, obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Davlat rahbari chiqargan har bir hujjat mana shu chekka tumanning chekka qishloqlarida ham ijrosi o‘z vaqtida bajarilayotganligiga guvoh bo‘layapmiz. Ayniqsa, ichimlik suvining tashib kelinishi muammo edi. Ayni kunda toza ichimlik suvi har bir xonadonning jumragida oqmoqda.
Cho‘lquvarlar shaharchasidagi bu kabi ezgu tashabbuslar bugun aholining cheksiz minnatdorligiga sabab bo‘lyapti. E’tiborli jihati, ushbu loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida tumanda oqova tizimini barpo etish bo‘yicha ham katta hajmdagi ishlar amalga oshiriladi. Ushbu islohotlar, hech shubhasiz, xalqimiz farovonligi va sog‘lom turmush tarzini ta’minlashga xizmat qiladi.
–Avvallari uzoqlardan suv tashib olib kelinardi, –deydi mehnat faxriysi Mahmud Hasanov. –Tashib kelingan suv uyda tindirilardi. Ayni kunda esa davlat rahbarining tashabbusi bilan uyimizning ichida toza ichimlik suvimiz bor. Bugun bunday toza ichimlik suvi har bir xonadonda mavjud. Aholi bundan juda xursand. Viloyatning eng chekka tumani Qorovulbozorda mana shunday toza suv ta’minotini tashkil qilganliklari uchun davlatimiz rahbariga rahmat.
– Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokidagi Buxoro viloyatining ichimlik suvi va kanalizatsiyalarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi asosida Qorovulbozorning 3 ta hududida, ya’ni Buzachi, Navbahor va Jarqoq mahallalarida suv sifati yaxshilandi, – deydi “Buxoro suv ta’minot” AJ Qorovulbozor filiali boshlig‘i Bahodir Hamroyev. –Navbahor hududida ming kublik 2 ta havzamiz qurildi. Buzachida 500 kublik 2 ta, Jarqoqda 400 ming kubdan 2 ta havza barpo bo‘ldi. Bu bilan aholi uchun toza, sifatli ichimlik suvi yetkazib berish imkoniyati yaratildi. 3 ta havzada ham 5 yarim kilovattlik quyosh panellari o‘rnatildi. Shu bilan birga Navbahor hududidan 7 km uzoqlikda Toshquduq hududimiz bor. U yerda 52 ta xo‘jalik yashaydi. Hududda faqat tashish yo‘l bilan ichimlik suvi yetkazib berilardi. Bugungi kunda 7 km quvur tortilib, 24 soat doimiy ichimlik suvi yetkazib berilayapti. Tuman bugun 100 foiz toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan.
Ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, viloyatning 13 ta shahar va tumanining 5 tasida toza suv bilan ta’minlanganlik darajasi bugunga kelib 95 foizdan oshirildi. Qorako‘l tumanining qaysi bir chekka mahallasiga bormang, har bir xonadonga toza ichimlik suvi kirib borganiga guvoh bo‘lasiz.
Endilikda ichimlik suvi yaxshilangan hududlarda navbatdagi bosqich, ya’ni sharoitlarni shahar tipiga yetkazish maqsad qilingan. Har bir islohot avvalo xalqning farovon yashashiga zamin yaratmoqda. Cho‘l hududida joylashgan mahallaning toza ichimlik suviga ega bo‘lishi o‘z navbatida qishloqda yangicha muhit qaror topishiga olib kelmoqda. Ertaga bu mahallalar oqova tarmog‘i bilan ta’minlanadigan bo‘lsa, aholining turmush madaniyati ham bir necha barobarga oshadi.
Shuni ta’kidlash joizki, 2016 yilda viloyatning markazlashgan ichimlik suvi bilan taminlanganlik darajasi 54,4 foizni, oqova xizmati bilan ta’minlanganlik darajasi esa 8 foizni tashkil qilgan. Bugungi kunda viloyatning markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 74,3 foizga hamda oqova xizmati bilan ta’minlanganlik darajasi 16,9 foizga yetkazildi. Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki bilan birga qiymati 633,5 million AQSH dollarga teng loyiha amalga oshirilishi natijasida markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik 98,0 foizga hamda oqova xizmati darajasi 40,0 foizga yetkaziladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari