Ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanmoqda
Jizzax viloyatida “Qo‘ytosh suv inshooti”, Arnasoy va Zafarobod tumanlari suv taqsimlash inshootlari va quvurlarini rekonstruksiya qilishga mo‘ljallangan loyiha amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Jizzax viloyatida “Qo‘ytosh suv inshooti”, Arnasoy va Zafarobod tumanlari suv taqsimlash inshootlari va quvurlarini rekonstruksiya qilishga mo‘ljallangan loyiha amaliyotga tatbiq etilmoqda.Viloyat “Suvoqova” ishlab chiqarish boshqarmasi buyurtmasi bo‘yicha 32,3 million AQSh dollariga teng bo‘lgan ushbu loyiha Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida amalga oshirilayotir. Loyihada bir kecha-kunduzda 20 ming metr kub suv yetkazib berish quvvatiga ega “Qo‘ytosh suv inshooti”, Arnasoy va Zafarobod tumanlaridagi 15 suv taqsimlash inshooti va quvurlarini, 92,5 kilometr ichki tarmoqlarni rekonstruksiya qilish, 10 tik quduqni qayta ta’mirlash va yangidan qurish ishlari bajarilishi ko‘zda tutilgan.
Janubiy Koreyaning “GS Neotek” va “Singdon” konsorsiumlari tomonidan amalga oshirilgan loyiha cho‘l hududidagi tumanlarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash imkonini beradi, ichimlik suvi tarmog‘ining uzluksiz va barqaror ishlashini ta’minlaydi. Bu, o‘z navbatida, aholi turmush farovonligini ta’minlashga, oilalarda sanitariya qoidalariga mos sharoit yuzaga kelishiga xizmat qiladi.
Ayni paytda Zafarobod tumani hududidagi H.Olimjon va F.Xo‘jayev nomidagi, G‘oliblar aholi punktlaridagi suv yig‘ish va tarqatish inshootlarini rekonstruksiya qilish ishlari boshlab yuborildi.