Bu haqda “Qashqadaryo suv ta’minoti” AJ axborot xizmati ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, “Qashqadaryo suv ta’minoti” AJ va ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida viloyatning Qarshi tumani, Xonobod qishlog‘ida magistral ichimlik suvi quvuriga noqonuniy ulanish holati aniqlangan.

Ya’ni ushbu hududdan o‘tuvchi Yakkabog‘-Qarshi magistral bosh suv quvuriga 3 ta nuqtadan diametri 15, 25 va 40 mm bo‘lgan quvurlar orqali ulanib, toza ichimlik suvi bilan dala maydoni sug‘orilayotganligi ma’lum bo‘lgan.

Holat yuzasidan o‘tkazilgan qo‘shimcha o‘rganishlar natijasida dala maydoni va shiypon “Nasaf sof chorva” xususiy korxonasiga tegishli ekanligi ma’lum bo‘ldi.


Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, suv ta’minoti korxonasiga yetkazilgan zarar miqdori 5 milliard 954 million 613 so‘mni tashkil etmoqda. Mas’ullarning ma’lum qilishicha, yakuniy zarar miqdori ekspertiza xulosasiga ko‘ra aniqlanadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri