English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ichimlik suvi, loy yo‘llar, qaytarib olib ketilgan simyog‘ochlar... Muammolar qachon yechim topadi?
08:01 / 2022-03-15

Bir murojaat izidan

Yaqinda O‘zA tahririyatiga Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘ini Sug‘diyona ko‘chasida yashovchi fuqarolar tomonidan murojaat kelib tushdi.

Murojaatda mahallaning mazkur hududda ko‘p yillardan beri ko‘plab muammolar yig‘ilib qolgani tufayli ishchi guruh o‘rganishlarini olib borishi lozimligi va muammolarga barham berilishida yordam so‘ragan.

Shundan so‘ng ushbu murojaatni joyida o‘rganish uchun mahallada bo‘lib, aholi bilan suhbatlashdik. Shu mahallada yashovchi Muzaffar Jabborovning aytishicha, bu yerlar avvallari Samg‘arovul mahallasi deya nomlangan. 300 nafar aholi, 40 ta xonadon mavjud.

Sug‘diyona ko‘chasi yo‘llari bir necha yillardan buyon ta’mirtalab holga kelib qolgan. Yozda chang ko‘chalar qishda loy bo‘lib ketishi tufayli aholi, ayniqsa, keksalar, ayollar va bolalar o‘qishga, ishga qatnashga qiynaladi. 2017 yilda 1 ming 600 metrdan ortiq yo‘llarni mahalladoshlar o‘zlari ta’mirlashga harakat qilgan. Bu yerdagi xonadonlarga tortilgan simyog‘ochlarning yaroqlilik muddati eskirgani uchun ko‘pchilik fuqarolar qo‘lbola tarzda elektr tarmoqlarini tortib, “stolbalar”ni o‘rnatib olgan. Ehtiyoj bo‘yicha 50 taga yaqin beton ustunlar kerak bo‘lsa, tuman mutasaddilari tomonidan 12 ta beton ustun olib kelingan bo‘lib, shundan 4 tasi yana qaytarib olib ketilgan.

Eng achinarlisi, bu yerdagi aholi iste’mol qiladigan suv ta’minoti talabga javob bermaydi. Mahalla ahlining ta’kidlashicha, 60-70 yillarda qurilgan artezian qudug‘idan haligacha foydalaniladi. Oxirgi yillarda suv yetarlicha chiqmay qolgani uchun nasos bilan tortishga majbur bo‘linmoqda. Shu bois 2021 yilda shu yerlik xonadon egalari o‘rtada pul yig‘ib, nasos o‘rnatishga majbur bo‘lgan. Aholi suv oladigan joydan chorva mollari ham ichadi. Shu sababli atrofdan qora mol o‘g‘itining badbo‘y hidi kelib turadi.

Bu kabi muammolarni bartaraf etish, aholiga qulaylik yaratish borasida 2019 yildan boshlab to‘xtovsiz tuman hokimligi, mahalla idorasi, deputatlarga ko‘p bora murojaat qilingan. Biroq aholi mas’ullardan quruq va’dalarni eshitib, amaliy ishlar boshlanishini kutaverishdan charchagan. Ko‘plab yo‘llangan xatlarning hatto javobi ham kelmagan.

Mazkur mahalla raisi Saidrahmon Fayzullayev va hududdagi hokim yordamchisi Xurshid Farhodovning ta’kidlashicha, bu yerda faoliyatini boshlaganidan so‘ng mavjud muammolarning barchasini tegishli tartibda bartaraf qilish yuzasidan tuman hokimligiga ma’lumot kiritgan. Shu asosda 2022-2023 yillarda Bo‘ka tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga mazkur mahalladagi ko‘chalarni obod qilish borasidagi takliflar kiritilgan. Joriy yilda bu boradagi ishlar boshlanishi aytilmoqda.

Surishtiruv davomida har ikki tomon, mutaxassislar, hudud aholi vakillarining fikrlarini o‘rgandik. Mahallani obod maskanga aylantirishda mas’ullar fuqarolar bilan hamfikr bo‘lishi kerakligi aytil.

Bu boradagi surishtiruvlarimiz davomida mutaxassislar mazkur hududni obod qilish, kamchiliklarni bartaraf etish ishlari bu yilgi rejaga kiritilganini bildirdi. Ammo bu qay darajada haqiqiqat... Biz bunisini bila olmadik. Demak, bu masalaga yana qaytamiz.

 

A.Musayev, O‘zA