Bu muammoning oldini olish uchun hamma birdek mas’ul
Ertalab jo‘mrakni ochsangiz-u, suv tushmasa... Garchi, vaqtincha holat bo‘lsa-da, bundan holat bir talay muammolarni keltirib chiqaradi. Kun kelib, shu jo‘mraklardan umuman suv kelmay qolishini esa tasavvur qilib ko‘ravering, endi...
Afsuski, shunday vaziyatga tushishimiz ham mumkin ekan. Zero, ichimlik suvi tanqisligi allaqachon global masalga aylangan. Tashvishlanarlisi, O‘zbekiston ham bu muammodan chetda emas.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda butun dunyo jamoatchiligini ichimlik suvi bilan bog‘liq vaziyat xavotirga solib kelmoqda. Iqlim isishi, suv resurslaridan tartibsiz foydalanish jiddiy inqirozga yetaklashi aniq. Ya’ni, millionlab insonlar hayoti xavf ostida qoladi, o‘ta xavfli ijtimoiy-iqtisodiy oqibat yuzaga keladi. Ichimlik suvi bilan bog‘liq joriy vaziyat va dunyo aholisini kutayotgan ehtimoliy xavf-xatar xususida “O‘zsuvta’minot” AJ Axborot xizmati rahbari Akmal Murodov bilan suhbatlashdik.
– Ichimlik suvi tanqisligi bo‘yicha dunyodagi joriy vaziyat qanday? Ushbu muammodan qaysi davlatlar ko‘p aziyat chekyapti?
– Ma’lumki, sayyoramizdagi mavjud suvning 2,5-3 foizini chuchuk suv manbalari tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatilgan foizlarning teng yarmi asrlar davomida yig‘ilib yotgan muzliklar hisobiga to‘g‘ri keladi. Shunday ekan, 1,25-1,5 foiz chuchuk suv manbaidan bugungi kunda butun dunyo aholisi foydalanib kelmoqda. Bu inson omili ortib borayotgan (iste’mol hajmi), ishlab chiqarish korxonalari soni keskin ko‘payayotgan (korxonalarning 90 % chuchuk suv manbalaridan foydalanadi) va ekologik vaziyat daqiqa sayin yomonlashib borayotgan bir paytda suvga nisbatan munosabatimizni kordinal o‘zgartirishimizni talab etadi.
Jahon banki tahlillariga ko‘ra, 2030 yilga borib suv tanqis mamlakatlar soni 33 taga yetadi (hozirda bu davlatlar soni 26 ta) va bu ro‘yxatda Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan O‘zbekiston kiradi degan taxminlar bor. Bu bejizga emas!
Sababi, barcha yo‘nalishlardagi foydalaniladigan suvlarimizning bor yo‘g‘i 20 foizi o‘zimizda shakllanishini, ya’ni yurtimiz hududida zaxira hosil bo‘lishini hisobga olsak, bu katta va muhim signal hisoblanadi. Qolaversa, ichimlik suvidan maqsadsiz foydalanish, chuchuk suv zaxrilariga ilmsizlik oqibatida zarar yetkazish, suv bilan bog‘liq sohalarni isloh qilishda juda sekin harakatlar olib borish bu borada yana bir bor o‘ylashga majbur qiladi kishini.
Yana bir fakt – bugungi kunda dunyo aholisining 2 milliardga yaqini sanitar toza suvdan foydalanish imkoniga ega emas. Bu raqam ham kishilik jamiyatini bir muddat o‘ylashga, suvga nisbatan har sohada yondashuvni to‘g‘ri tashkil etishga undaydi.
Suvsizlik ko‘plab davlatlar uchun asosiy muammoga aylanadi. Ayniqsa, Afrika, Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo mamlakatlari uchun bu og‘ir kechishi kutilmoqda. Hozirda 2 milliarddan ortiq inson suv tanqis bo‘lgan mamlakatlarda yashaydi va ularning ichimlik suvi va kanalizatsiya yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda.
– Bu muammo Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston uchun qanchalar xavfli?
– Markaziy Osiyo yirik suv havzalari, xususan okean va dengizlardan uzoqda joylashgan. Har bir davlat iqtisodi, sanoati, ayniqsa fuqarolari turmush sharoiti uchun suv juda muhim o‘rin tutadi. Mintaqamiz davlatlari, xususan O‘zbekistonda suv masalasi nihoyatda jiddiy bo‘lib, Amudaryo va Sirdaryo 75 milliondan ziyod aholining hayot-mamot masalasini belgilaydi. O‘z-o‘zidan ravshan, bu miqdorning asosiy qismi O‘zbekistonda yashaydi. Demak, suvsizlik tahdidini to‘g‘ri tahlil qilib, chuchuk suvdan tejab-tergab foydalanish biz uchun juda dolzarb. Diyorimiz yil davomida foydalanadigan suv miqdori 52-53 milliard kub/metr. Yillik suv sarfining 90 foizi irrigatsiya, 4-4,2 foizi kommunal, qolgan qismi elektr ta’minoti va baliqchilik sohasiga yo‘naltiriladi. Qishloq xo‘jaligini isloh qilish, sohada zamonaviy tendetsiyalardan foydalanish suv sarfi nisbatan kamayishiga olib keladi. Pirovardida ichimlik suvi muammosi bilan bog‘liq masalalar yechimi borligi, muammolar izchil bartaraf etib borilishi ayonlashadi.
– Ma’lumki, iqlim o‘zgarishi natijasida yer yuzi bo‘ylab suv muammosi yanada keskinlashmoqda. Bu masala mintaqa davlatlari uchun qanchalik xavfli?
– Iqlim o‘zgarishi tufayli yuzaga chiqayotgan ekologiya muammolari butun dunyo bo‘ylab dolzarb tus olayotgan bir paytda, suv xavfsizligini ta’minlash O‘zbekiston uchun ham juda muhim. Hozir Respublikamiz hududidagi suvning 80 foizdan ko‘pi oqim yuqorisida joylashgan qo‘shni mamlakatlardan keladi. Qayta tiklanadigan chuchuk suv manbalarining atigi 22 foizi mamlakat ichida joylashgan.
BMT Suv qo‘mitasi va UNESCO birgalikda tayyorlagan hisobotga ko‘ra, 2050 yilga borib suvga nisbatan talab 20-30 foiz o‘sishi taxmin qilingan. Bu holat demografik o‘sish, iqtisodiy rivojlanish, iste’mol tarzi evolyutsiyasi bilan bog‘liq. Ayni dam suv tanqisligi xavfi yuqoriligicha qolmoqda, chunki resurslarni boshqarishda kamchiliklar bisyor.
Mazkur muammolarga yurtdoshlarimizda suvdan foydalanish madaniyatini shakllantirish, obi hayotni tejash, isrof qilmaslik bo‘yicha shaxsiy mas’uliyatni shakllantirish orqali yechim topish mumkin. Ayniqsa, farzandlarimizga bolalikdan ushbu ne’matning qadriga yetish, suvni asrab ishlatish, bu boylik kun kelib tugab qolishi mumkinligini bot-bot uqtirishimiz lozim.
Xullas, resurslardan oqilona foydalanish suv zaxirasi uzoqroq muddatga yetishini ta’minlashda muhim omil ekanini unutmaylik. Shuningdek, suv zaxirasini sun’iy ravishda yaratish yo‘llarini topish maqsadga muvofiq. Jumladan, yog‘in suvdan imkon darajada unumli foydalanish chora-tadbirlarini ishlab chiqish ustuvor vazifaga aylanishi zarur. Shunday suv zaxirasini iqtisodiyotning ayrim sohalariga yo‘naltirish yaxshi samara beradi. Toza ichimlik suvi maqsadli ishlatilishini ham ta’minlash mumkin.
Binobarin, kun kelib ichimlik suvi zaxirasi tugab qolishining oldini olish uchun hammamiz birdek mas’ulmiz.
Go‘zal Sattorova, O‘zA