French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ichimlik suvi bilan ta’minlash katta mas’uliyatdir
15:25 / 2026-02-02

Toshkent viloyati hokimi Z.Mirzayev “Toshkent viloyati suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati tomonidan o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar hamda joriy yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar bo‘yicha tayyorlangan taqdimot bilan tanishdi.

Mutaxassislar tomonidan hudud aholisini barqaror ichimlik suvi bilan ta’minlash, mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish va sohani raqamlashtirish borasida olib borilgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, bugungi kunda Toshkent viloyatida 3 million 108 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Uning 2 million 514 ming nafari, markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. 

Viloyatda jami 964 ta suv xo‘jaligi inshootlari mavjud bo‘lib, ularning 862 tasi ichimlik suvi, 59 tasi kanalizatsiya inshootlaridan iborat. Ichimlik suvi tarmoqlarining umumiy uzunligi 8 ming 34,8 kilometrni tashkil etadi. Shundan 2 ming 318,5 kilometr qismi ta’mirtalab. 2025 yil davomida 208,6 kilometr suv quvurlari ta’mirlandi. 

Shu davrda sohada moddiy-texnik bazani mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib, 37 ta maxsus avariya texnikasi xarid qilindi, 2 ta ma’muriy bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Barcha davlat dasturlari doirasida jami 20 ta loyiha amalga oshirildi. Ushbu loyihalar doirasida 107,6 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari qurildi hamda 29 ta ichimlik va oqova suv inshooti foydalanishga topshirildi. 

Qilingan ishlar natijasida 82 ta mahallada yashovchi 170 ming nafar aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. Shuningdek, 8 ta mahalladagi 12,3 ming nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, yil davomida 27 ming 52 ta avariya holati tezkorlik bilan bartaraf etildi. Energiya samaradorligini oshirish va tizim barqarorligini ta’minlash maqsadida AJ tomonidan 29,9 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, 261 ta nasos uskunasi, 100 ta chastota rostlovchi qurilma, 1,9 MVt quvvatga ega quyosh panellari, 249 ta elektr hisoblagich hamda 116 ta transformator o‘rnatildi va ta’mirlandi. 

Taqdimotda 2026 yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar hamda aniq rejalar haqida ma’lumot berildi. Xususan, bu yil elektr energiyasi sarfini qisqartirish ustuvor vazifa etib belgilangan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda 38,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga 209 ta energiya tejamkor nasos uskunalarini o‘rnatish, 5 MVt quvvatdagi quyosh panellarini joylashtirish, 100 ta chastota rostlovchi qurilma hamda 20 ta reaktiv quvvatni kompensatsiyalovchi qurilmalarni o‘rnatish rejalashtirilgan. 

Shuningdek, 128 ta nasosni masofadan boshqarish tizimiga o‘tkazish kutilgan. Mazkur chora-tadbirlar natijasida elektr energiyasi sarfini yiliga 19 million kVt/soatga qisqartirish hamda ichimlik suvi yo‘qotishlarini 1,5 foizga kamaytirish mumkinligi alohida ta’kidlandi. 

Viloyat hokimi Zoir Mirzayev suv ta’minoti tizimini boshqarishda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish davr talabi ekanini alohida ta’kidladi. Suv yo‘qotishlarini aniqlash, avariyalarni oldindan prognoz qilish, energiya sarfini tahlil qilish va boshqaruv qarorlarini optimallashtirishda sun’iy intellekt muhim vositaga aylanishi qayd etildi. 

Shu bilan birga, Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari tashkil etib, u yerda joriy etilgan ilg‘or suv boshqaruvi tizimlari bilan tanishish va ularni viloyat sharoitida amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

A.Musayev,O‘zA.