"Sirdaryo suv ta’minoti" AJ joriy yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar, istiqboldagi loyihalar, debitor qarzdorlikni qisqartirish masalalari yuzasidan matbuot anjumani tashkil etdi.
"Sirdaryo suv ta’minoti" AJ boshqaruvi raisi Shahboz Akramov Sirdaryo viloyati aholisini toza suv bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi loyihalar to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Ta’kidlandiki, ichimlik suv ta’minoti tizimini rivojlantirish borasida davlatimiz rahbari tomonidan muhim dasturlar, qaror va farmonlar imzolanib, hayotga izchil tatbiq etilmoqda.Buning natijasida davlat dasturiga kiritilgan Sirdaryo viloyatidagi 67,2 kilometr suv tarmoqlari va 5 ta suv inshootini qurish, rekonstruksiya qilish uchun 27,9 milliard so‘m miqdoridagi pul mablag‘i rejalashtirilgan.

Shu bugungi kunga qadar dastur doirasida 14,4 milliard so‘m investitsiya mablag‘lari hisobidan 2 ob’ektda 27,7 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari va 1 ta suv inshootini qurish belgilangan bo‘lib, 20 sentyabr holatiga 6,5 milliard so‘m pul mablag‘i hisobidan 15,9 kilometr ichimlik suv tarmoqlari hamda 1 ta ichimlik suv inshootida hamda Vazirlar Mahkamasining Rayosat qarori asosida 3 ta ob’ektda 1,7 milliard so‘m pul mablag‘i hisobidan 3,8 kilometr oqova suv tarmoqlari, "Tashabbusli byudjet"ning 1,3 milliard so‘m mablag‘i hisobidan 11,4 kilometr ichimlik suv tarmoqlari, 1 ta suv inshootida qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan.

– Mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash davlat dasturi doirasida 8 milliard so‘mlik 6 ta ob’ektda 20,7 km ichimlik suvi tarmoqlari va 3 ta suv inshootlarini qurilish va ta’mirlash ishlari olib borish belgilangan bo‘lib, bugungi kunda barcha ob’ektda ichimlik suvi tarmoqlarini tortish, suv inshootlarini qurish ishlari nihoyasiga yetkazildi. Va shu bilan birga 599 ta aholi xonadoniga ichimlik suvi tarmoqlari uy-xo‘jaligigacha olib kirib berilib, suv hisoblash uskunalari o‘rnatish ishlari olib borildi, — deydi Shahboz Akramov. — Aholi bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda chekka mahallalarda aniqlangan ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish yuzasidan qiymati 1,9 mlrd. so‘mlik 52 ta loyihadan iborat korxona mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan dastur ishlab chiqildi. Unga binoan 13,5 km. transheya qazildi, 13,5 km. tarmoq tortildi, 69 ta zulfinlar (zadvijka), 27 ta nasoslar tik quduqqa (skvajina) o‘rnatildi, 18 ta itlar o‘rnatilib, 4 ta transformatorni ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Natijada 24,2 ming nafar aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lsa, 73,5 ming nafar aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. Eng muhimi, aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 86,9 foizdan 89,1 foizga yetkazildi.

Aholiga yetkazib berilayotgan toza ichimlik suvining sifatini nazorat qilib borish maqsadida laboratoriya mutaxassislari maxsus avtomashina bilan ta’minlangan bo‘lib, ular tomonidan 7925 ta namuna olinib, 6578 ta tezkor, 8952 ta fizik- kimyoviy tahlil o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga ham to‘xtaldi. “Sirdaryo suv ta’minoti” AJning tuman (shahar)lari tomonidan ichimlik suvi tarmoqlarining 10,4 kilometri mukammal, 16,9 kilometri joriy, nasos uskunalarining 199 tasi joriy va mukammal ta’mirlandi. Va shu bilan birga ichimlik va oqova suv tarmoqlari hamda inshootlarida yuzaga kelgan nosozliklar bo‘yicha murojaatlarni qabul qilish uchun 24/7 rejimda ish faoliyatini olib borayotgan dispetcherlik xizmati yo‘lga qo‘yildi. Markazlashgan ichimlik suv ta’minoti bo‘lmagan aholi yashash punktlari, shuningdek, ichimlik suvi tizimlarida nosozlik sodir bo‘lgan davrlarda jamiyatning 10 ta maxsus suv tashish texnikasi orqali ichimlik suvini uzluksiz yetkazib berish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, suv inshooti va tarmoqlarida nosozliklar bo‘lib, favqulodda vaziyat yuzaga kelgan taqdirda qo‘shimcha 40 ta shaxsiy suv tashish texnikasi yordamga jalb etiladi.
Ichimlik suv inshootlari va tarmoqlarida yuzaga kelgan nosozliklarni o‘z vaqtida bartaraf qilish uchun 13 ta avariya tiklash brigadasida 65 nafar ishchi- xodim va 12 ta maxsus texnik xizmat faoliyati yo‘lga quyilgan bo‘lsa, Favqulodda holatlar yuzaga kelganda tezkorlik bilan bartaraf qilish maqsadida maxsus 3 ta ekskavator, 4 ta yuk tashuvchi “KAMAZ” avtotransport jalb etilib, 1400 metr suv tarmoqlari, 50 dona zulfin (zadvijka)lar, 1,5 tonna yoqilg‘i, 15 dona nasoslar zaxirasi yaratildi.
– Istiqbolli rejalar to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsam, davlatimiz rahbarining 2022 yil 10 martdagi hamda Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 21 sentyabrdagi 486-son qarori asosida Jahon banki (JB)ning 76 mln dollar miqdoridagi imtiyozli qarz mablag‘lari hisobidan 2023-2027 yillarda Sirdaryo viloyatining Sirdaryo, Guliston va Sayxunobod tumanlari va Yangiyer shahrida ichimlik suv ta’minoti hamda 5 ta tuman markazida oqova suv ta’minoti yaxshilanadi. 117 ta suv olish quduqlarini qurish va rekonstruksiya qilish, 121 ta ichimlik suvi minorasini tiklash, 473 km ichimlik suvi tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish, 1 ta ichimlik suvi nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish, 5 ta umumiy 16 700 m3/sutkali oqova suv tozalash inshootlarini qurish, 232,2 km oqova suv tarmoqlari qurish va rekonstruksiya qilish, 21 ta yangi oqova suv nasos stansiyasi qurish ishlari amalga oshirilgach, 242 ming aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi va 76 ming aholi markazlashtirilgan oqova suv tarmoqlariga ulanadi, – deydi aksiyadorlik jamiyati raisi.
“Sirdaryo suv ta’minoti” AJning shahar, tuman tizimidagi og‘riqli masalaga ham to‘xtaldi. Jamiyat va iste’molchilar o‘rtasida 38,6 milliard so‘m debitor qarzdorlik mavjud bo‘lib, prokuratura organlarida tashkil etilgan shtab yordami bilan 1,3 milliard so‘m miqdordagi pul mablag‘lari undirildi. Qolgan qarzdorlik tahlil etilganda, ayrim holatlarda ushbu qarzdorlik noreal manbalar hisobiga shakllantirilgani aniqlandi.
Misol uchun, viloyatdagi mavjud 161 ming 017 ta iste’molchi xatlovdan o‘tkazilganda, 7508 ta iste’molchida 11 milliard 066 million so‘m noreal qarzdorlik aniqlangan. Bunga esa, suv iste’molchilari tomonidan suv iste’moli bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar o‘z vaqtida Billing dasturiga kiritilmaganligi sabab bo‘lgan.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri