Oqoltin tumani hokimi tomonidan tashkil etilgan sayyor qabul chog‘ida Obod mahallasining faol fuqarolari tomonidan ichimlik suvi bilan bog‘liq ko‘p yillik muammo ko‘tarildi.
Fuqarolarning ushbu jamoaviy murojaati joyida o‘rganilishi maqsadida Xalq qabulxonasi hamda “Suvta’minot” korxonasi mutasaddilari tomonidan mahallaga chiqildi. Mavjud holat atroflicha tahlil qilindi va muammoni bartaraf etish bo‘yicha aniq amaliy choralar belgilab olindi.

Ayni paytda hashar yo‘li bilan 300 metr masofaga yangi ichimlik suvi tarmog‘i tortila boshlandi. Ushbu ishlar mahalliy aholi va mas’ul tashkilotlarning hamkorligida amalga oshirilmoqda. Loyiha yakuniga yetgach, Obod mahallasida joylashgan 3 ta ko‘p qavatli uydagi 54 ta xonadon, ya’ni 200 nafardan ortiq aholi doimiy ravishda toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
Mahalla faollaridan biri Hasanboy Xolmurodov o‘z minnatdorchiligini izhor etib, shunday dedi:

– Yillar davomida suv muammosi azob berib kelayotgandi. Bu tashabbus haqiqiy yordam bo‘ldi. Hokimiyat va mutasaddilarning e’tiboridan mamnunmiz. Endilikda farzandlarimiz toza suv icha boshlaydi.
Mazkur loyiha aholining turmush sharoiti hamda sanitariya holatini yaxshilash va sog‘lom turmush tarzini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri