French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ichimlik suv ta’minoti yaxshilanmoqda
16:02 / 2022-11-02

Buxoro viloyati Kogon tumanida markazlashgan ichimlik suv ta’minotini yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, so‘nggi 5 yil davomida 11,1 kilometr ichimlik suv quvurlari qayta rekonstruksiya qilinishi natijasida 10 mingga yaqin aholi markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlandi. 66 kilometr yangi ichimlik suv quvurlari o‘tkazilishi natijasida 7 ming 500 nafar aholi vakili ilk bor markazlashgan ichimlik suv tarmog‘iga ulandi.

– 2021 yilda qo‘shni Navoiy viloyati bilan chegaradosh “Tuniroq” mahalla fuqarolar yig‘inida 51 kilometr ichimlik suv tarmog‘i o‘tkazildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Kogon tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Said Mirzayev. – Bu 680 ta xonadon, 5 mingga yaqin aholi, 1 ta maktab, 1 ta maktab filiali, 3 ta maktabgacha ta’lim muassasasi va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlarini ilk bor markazlashgan ichimlik suv bilan  ta’minlash imkonini berdi. Shuningdek, tumanning olis va chekka hududlaridan biri “O‘rta cho‘l” mahalla fuqarolar yig‘inida 5,1 kilometr masofada ichimlik suv quvurlari o‘tkazildi. Natijada 82 ta xonadonda istiqomat qilayotgan 400 nafarga yaqin aholi vakili, 1 ta maktab filiali va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlari markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Tumandagi cho‘l zonasida joylashgan “Sayoz Poyon” suv inshooti to‘liq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Mazkur inshootda 4 ta zamonaviy energiya tejovchi nasos uskunasi va ichimlik suvni tozalovchi, yumshatuvchi zamonaviy filtr moslamasi o‘rnatildi. Inshoot quvvati 9600 m3 ga yetkazildi. Aholi murojaatlarini “mahallabay” o‘rganish mobaynida “Choloki” mahalla fuqarolar yig‘ini, Qasri Orifon qishlog‘i aholisining markazlashgan ichimlik suv ta’minoti to‘g‘risidagi haqli e’tirozi va murojaati joyiga chiqib o‘rganildi. 1,7 kilometr quvur o‘tkazildi. Natijada mazkur qishloqdagi 70 ta xonadon ichimlik suv bilan ta’minlandi.

[gallery-9391]

Joriy yilda “Obod qishloq” Davlat dasturi doirasida tumandagi Xo‘ja Yakshaba mahalla fuqarolar yig‘inining Yuqori Xonzi va Quyi Xonzi qishloqlarida 21,6 kilometr yangi ichimlik suv tarmoqlari “Navro‘z–Akmal stroy invest” MCHJ tomonidan va “Sorg‘un” mahalla fuqarolar yig‘inining Surxiyon qishlog‘ida 9,65 kilometr yangi ichimlik suv tarmoqlari “Muzaffar” firmasi tomonidan o‘tkazilmoqda. Bu orqali Xo‘ja Yakshaba mahallasining Yuqori Xonzi qishlog‘ida 70 ta, Quyi Xonzi qishlog‘ida 105 ta va Sorg‘un mahallasining Surxiyon qishlog‘ida 132 ta xonadon ichimlik suv bilan ta’minlanadi.

Hozirgi kunda tumanning Niyoz Hoji mahalla fuqarolar yig‘ini, Kurjan qishlog‘idagi “Kurjan” suv inshooti “Navro‘z – Akmal” stroy invest” MCHJ tomonidan qayta rekonstruksiya qilinmoqda.

Viloyat hokimining 2021 yil 7 oktyabrdagi farmoyishiga asosan Kogon tumani hokimligi huzuridagi obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan berilgan 946 metr quvur hisobida “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘ini Qizilgul qishlog‘iga suv tarmog‘i o‘tkazilmoqda. Natijada 110 ta xonadon markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanadi.

Zarif Komilov, O‘zA