Mamlakatimizda aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada aholining ichimlik suvi bilan qamrov darajasi 81,5 foizga yetdi.
Sohada suv resurslaridan oqilona foydalanish, yo‘qotishlarni kamaytirish, raqamlashtirish va “yashil iqtisodiyot”ni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlikdagi loyihalar o‘z samarasini bermoqda. Buni Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida umumiy qiymati 125 million dollar bo‘lgan “Iqlim texnologiyalari orqali suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi misolida ham ko‘rish mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan olti oyi mobaynida mamlakatimizda 544 kilometr ichimlik, 148 kilometr oqova suv tarmoqlari, 35 ta ichimlik va 7 ta oqova suv inshootlari qurilib infratuzilma kengaytirilgan. Shuningdek, 433 ta energiya tejamkor uskunalar, 7,4 ming kVt/soat quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatilishi hisobiga 6,1 million kVt/soat elektr energiyasi tejalishiga erishilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda shular haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, ichki ehtiyojlar bilan bir qatorda, suv sifatini nazorat qilish ham ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Respublika miqyosida 14 ta markaziy laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, 62 ta shartnoma orqali tuman va shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik bo‘limlari bilan hamkorlik mustahkamlangan. 37 ta laboratoriya O‘zbekiston Davlat standarti 3410:2019 talablariga muvofiq deb topilgan.
Suv hisoblagichlar bilan ta’minlangan iste’molchilar soni 248,9 mingtaga ko‘payib, ularning umumiy qamrovi 82 foizga yetgan. Shu bilan birga, zamonaviy to‘lov tizimlari joriy qilingan. Qarzdorliklarni qisqartirish, nazoratni kuchaytirish va tozalash ishlarini tashkil etish orqali debitor qarzdorliklar miqdori 13 foizga kamaytirilgan. “Bahor-yoz” mavsumiga tayyorgarlik doirasida 6 026 ta suv minorasi, 1 601 ta rezervuar tozalangan. Shuningdek, sohada davlat-xususiy sheriklik va investitsiya faolligi ham kuchaygan. Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 31 yanvardagi qarori asosida tasdiqlangan Investitsiya dasturi doirasida “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan umumiy qiymati 2,18 milliard dollarlik 21 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu mablag‘larning 1,34 milliard dollari ichimlik suvi, 84 million dollari esa oqova suv tizimini yaxshilashga yo‘naltirilgan.
Brifing yakunida mahalliy tashkilotlarni texnik jihatdan kuchaytirish va muammolarni joyida hal etish maqsadida 208 ta tuman va shaharlarda avariya-tiklash brigadalari faoliyati qayta tashkil qilingani, mavjud texnikalar ta’mirlanib, qo‘shimcha jihozlar bilan ta’minlangani ma’lum qilindi.
Nilufar Bozorova,
O‘zA