O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zsuvta’minot” AJ Investitsiya va investitsion loyihalarni amalga oshirish departamenti boshlig‘i Anvar Hakimov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, sohada jalb etilayotgan investitsiyalar hajmi yil sayin ortib bormoqda. Jumladan, 2021 yilda sohada 118 million dollar mablag‘lar o‘zlashtirilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 245 million dollarga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
2021 yilda o‘zlashtirilgan mablag‘larning asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki (53,8 million dollar), Jahon banki (36 million dollar) va Islom taraqqiyot banki (17,7 million dollar) hissasiga to‘g‘ri keldi. Hududlar bo‘yicha esa Toshkent viloyati (32,8 million dollar), Buxoro viloyati (29,6 mln. doll.), Jizzax viloyati (18,4 million doll.), Sirdaryo viloyati (17,7 million doll.) hamda Samarqand viloyatiga (14,9 million doll.) hissasiga to‘g‘ri keldi.
Joriy yilda ham sohani rivojlantirish maqsadida xalqaro moliya institutlari ishtirokida 18 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki, Saudiya taraqqiyot va OPEK jamg‘armalarining 1 milliard 800 million dollarga yaqin qarz mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 245 million dollar mablag‘lar o‘zlashtirilishi belgilangan. Mazkur mablag‘lar hisobidan 576 kilometr ichimlik suv tarmoqlari, 1 ta suv tozalash inshooti, 29 ta ichimlik suv taqsimlash inshooti hamda 117 kilometr oqova suv tarmoqlari, 7 ta oqova suv tozalash inshooti va 22 ta oqova suv nasos stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan.
O‘zlashtirilgan mablag‘lar hisobidan yanvar-fevral oylarida jami 34 kilometr ichimlik suv tarmoqlari hamda 15 kilometr oqova suv tarmoqlari qurildi. Yuqoridagi ishlarni izchil davom ettirgan holda, joriy yil yakuniga qadar 3 ta loyihani to‘liq foydalanishga topshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, 2022 yilda Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota va Toshkent tumanlarida ichimlik suv ta’minoti bo‘yicha Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi loyiha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
Iyun oyida 121 million dollar qarz mablag‘lari evaziga Toshkent viloyatidagi loyiha doirasida sutkalik quvvati 100 ming kub metrga teng bo‘lgan “Qodiriya” suv tozalash inshooti to‘liq foydalanishga topshiriladi. Loyiha doirasida yil yakuniga qadar 18 ta suv taqsimlash inshooti, 37 ta suv havzasi va 434 kilometrdan ortiq ichimlik suvi tarmoqlari ishga tushiriladi. Mazkur loyihaning foydalanishga topshirilishi evaziga Toshkent viloyatining 31 ta mahallasida istiqomat qiluvchi 265 ming aholi ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
Joriy yilda Jizzax, Guliston, Shirin, Yangiyer va Buxoro shaharlarida oqova suv ta’minoti bo‘yicha xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalar ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, ayni paytda ichimlik suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy, Andijon, Farg‘ona, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi muammolarni yechishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan qiymati 2 milliard 150 million dollarga teng bo‘lgan 24 ta yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ustida ish olib borilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA