Suv – bebaho ne’mat, shu bois uning har tomchisini asrab – avaylash g‘oyatda dolzarb hisoblanadi.
Bugun yer sharida istiqomat qilayotgan sakkiz milliard odamning uchdan bir qismi ichimlik suvi muammo bo‘lgan hududlarda yashayotganligini hisobga olsak, bu ne’matning qadri qanchalar ulug‘ ekanligini tushunish mumkin.
Afsuski, hozirda buni hamma ham birdek anglab yetmaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumanidagi “Guldursun” ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan fuqarolar tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga isrof bulayotgan ichimlik suvi masalasida murojaat qilishdi. Ushbu murojaat jamiyat tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganib chiqilgach, ushbu masala “Qoraqalpoq suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyatining Ellikqal’a tumani filialida ko‘rib chiqildi. Filial xodimlari tomonidan olib borilgan ishlar natijasida ichimlik suvi muammosi nihoyat bartaraf etildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri