Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ichimlik suv muammosi: amaliyot va samara
11:04 / 2021-08-13

“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, sohaga tatbiq etilayotgan istiqbolli loyihalar o‘zining ijobiy samaralarini ko‘rsatmoqda.

Soha mutasaddilarining ta’kidlashicha, hisobot davrida 3,2 ming kilometr ichimlik va 144 kilometr oqova suv tarmoqlari qurilib, rekonstruksiya qilingan. Bunga dasturlar hisobidan 1 trillion so‘m va xalqaro moliya institutlarining 72,2 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lari jalb etilgan. Natijada ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasi joriy yilning 1 yanvar holatidagi 65,1 foizdan 66,2 foizga yetkazilgan. 305 mingdan ortiq aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanib, 568 mingdan ortiq iste’molchilarning suv ta’minoti yaxshilangan.

– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan markazlashgan ichimlik suvi tarmoqlaridan uzoq hududda yashaydigan aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida xorijdan 100 ta maxsus suv tashish transport vositalari olib kelindi, – deydi “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari A.Murodov. – Aholi murojaatlaridan kelib chiqib, mahallabay o‘rganishlarimiz natijasida ushbu maxsus transport vositalari barcha viloyatlar bo‘ylab taqsimlandi. Qolaversa, ichimlik suv xizmati ko‘rsatish hajmi 590,3 million metr kubni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 35,4 million metr kubga yoki 6 foizga o‘sdi. Ta’kidlash joizki iste’molchilar bazasi ham 114,8 ming abonentga ko‘payib, yil boshiga nisbatan 3 foizga oshdi. Soha korxonalarining rentabellik darajasi esa 1,5 foizni tashkil etmoqda. Iste’molchilarning suv hisoblagichlar bilan ta’minlanganlik darajasini yanada oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda bu ko‘rsatkich jismoniy shaxslarda 52 , yuridik shaxslarda 91 foizni tashkil etadi.  

“O‘zsuvta’minot” AJda 2021 yilning o‘tgan olti oyi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi va virtual qabulxonasidan jami 14 ming 593 ta, Bosh prokuraturadan 850 ta; xotin-qizlar muammolari bo‘yicha 1 ming 211 ta, “Ishonch” telefoni orqali 116 ta jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari kelib tushgan.Mazkur murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etilgan. O‘rganilishi vaqt talab etiladigan murojaatlar ko‘rib chiqilmoqda.  

Soha mutasaddilarining aytishicha, “O‘zsuvta’minot” AJ tizimida aholi murojatlarni qabul qilish uchun tashkil etilgan yagona qisqa raqami orqali ham murojaatlar kelib tushgan. Joriy yilning o‘tgan davrida kelib tushgan 53 ming 831 ta murojaatning 99 foizi ijobiy hal etilgan. Hisobot davrida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda sohaga oid 384 ta tanqidiy, tahliliy mazmundagi materiallar e’lon qilingan. Ularning 382 tasiga rasmiy munosabat berilgan.

Nilufar Bozorova, O‘zA