Bugun axborot texnologiyalari va ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanar ekan, kibermakon bilan bog‘liq xavf-xatarlar ham ortib bormoqda. Afsuski, ayrim fuqarolarimiz begona havola va ilovalarga ishonib, kiberfiribgarlarning tuzog‘iga tushib qolmoqda. So‘nggi yillarda bunday jinoyatlar sonining keskin ko‘paygani axborot makonida hushyorlikni yanada kuchaytirishni talab etadi.
Shu maqsadda mamlakatimiz bo‘ylab har yili noyabr oyining «Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi» sifatida e’lon qilingani bejiz emas. Ayni oylik doirasida turli tashkilot va muassasalarda profilaktik uchrashuvlar, targ‘ibot-tashviqot tadbirlari keng ko‘lamda o‘tkazilmoqda.
Xususan, Samarqanddagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining viloyat filiali ham ana shunday tadbirlardan biriga mezbonlik qildi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari ishtirokidagi uchrashuvda fuqarolarning kibermakondagi xatarlardan qanday saqlanishi, ayniqsa notanish APK fayllar, havolalar va soxta qo‘ng‘iroqlar ortidan kelayotgan firibgarlik holatlari batafsil tushuntirildi. Mutaxassislar foydalanuvchilarga hech kimga tasdiqlovchi SMS kodlarini bermaslik, noma’lum manbalardan kelgan fayllarni ochmaslik zarurligini yana bir bor eslatishdi.
Uchrashuv davomida samcyber102 ilovasi orqali virusli fayllarni aniqlash va qurilmani himoya qilish mumkinligi ham ta’kidlandi. Markaz bo‘lim mudiri G‘ayrat Bobomurodovning aytishicha, aholining axborot madaniyatini oshirish bunday tahdidlarning oldini olishda eng muhim omil hisoblanadi.
Shuningdek, kibermadaniyat targ‘iboti Xorazm viloyatida ham izchil davom etmoqda. Xiva tumani va Xiva shahrida o‘tkazilgan uchrashuvlarda o‘qituvchilar, shifokorlar va mahalla yettiligi vakillariga internet firibgarligining yangi usullari, shaxsiy ma’lumotlarni himoyalash yo‘llari, zamonaviy kiberxavfsizlik qoidalari bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi. Real hayotdagi voqealar misolida kiberjinoyatlarning oqibatlari tahlil qilinib, aholida ongli va ehtiyotkor raqamli xulq-atvorni shakllantirishga qaratilgan suhbatlar o‘tkazildi.
Xiva shahridagi “Ichan Qal’a” majmuasida bo‘lgan chet ellik sayyohlar bilan ham profilaktik suhbatlar olib borildi.
Viloyat IIB vakillarining qayd etishicha, oxirgi vaqtlarda, ayniqsa, Telegram messenjerida begona raqamlardan yuborilayotgan virusli havolalar ko‘paygan. Bunday xabarlarni ochish fuqarolarning telefon ma’lumotlarini o‘g‘irlash, bank kartalaridan pul yechib olish yoki o‘zini davlat idorasi xodimi deb tanishtirib, noqonuniy kredit rasmiylashtirishga imkon berayotgani aniqlangan. Eng ko‘p zarar ko‘rayotganlar esa 18–30 yoshdagi yoshlar ekani ta’kidlandi.
Targ‘ibot-tashviqot ishlari shuningdek, sport tadbirlarida ham davom etmoqda: “Dinamo” stadionida muxlislarga kibermadaniyatga oid flayerlar tarqatilib, ogohlikka chorlovchi videorolik namoyish qilindi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, internetdan foydalanganda oddiy, ammo muhim xavfsizlik qoidalariga amal qilish — eng samarali himoya vositasi. Shubhali holatlarda esa tezkor ravishda 102 raqamiga murojaat qilish zarur.
Raqamli makonda faoliyat yuritish — imkoniyat, ammo u bilan birga mas’uliyat ham talab qiladi. Bugun kiberjinoyatlar faqat texnik tahdid emas, balki ijtimoiy muammo sifatida ko‘rilmoqda. Shuning uchun har bir foydalanuvchi ogoh, hushyor va ehtiyotkor bo‘lishi zarur.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/opm4nCJJJak" title="“Ichan Qal’a” majmuasida chet ellik sayyohlar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, U.To‘xtayev, O‘zA