O‘lim haq, - deyiladi. Mulk esa yashash uchun vosita. Inson vafotidan so‘ng unga tegishli bo‘lgan mol-mulk va huquqlar uning vorislariga o‘tadi. Oddiy, sodda va ravon qilib tushuntiradigan bo‘lsak, fuqaro Obidov vafot etdi, unga tegishli bo‘lgan mashina, uy-joy, kompaniya va boshqa huquqlar uning farzandlariga, ayoliga, ota-onasi yoki boshqa qarindoshlariga rasmiylashtirilib berilishi mumkin. Agar Obidov o‘limidan oldin vasiyatnoma yozib qoldirgan bo‘lsa, mol-mulklar vasiyatnomada ko‘rsatilgan shaxsga o‘tadi, hatto u Obidovga hech qanday qon-qarindoshlik jihatidan aloqasi bo‘lmasa ham.
Qonunchilik barcha shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qiladi. Shu sababli garchi vasiyatnoma bo‘lsa ham, majburiy ulush olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini shakllantirgan. Ularga quyidagilar kiradi:
•meros qoldiruvchining voyaga yetmagan farzandlari;
•mehnatga qobiliyatsiz bolalari;
•farzandlikka olgan bolalari;
•shuningdek mehnatga qobiliyatsiz eri (xotini) va ota-onasi;
•uni farzandlikka olganlar.
Biroq ba’zi mol-mulk, huquq va majburiyatlar borki, ular vafot etgan shaxsning (meros qoldiruvchining) vorislariga (merosxo‘rlariga) o‘tmaydi. Ularni aniq bilib olishimiz zarur. Sababi - noto‘g‘ri huquqiy maslahat berib qo‘yishni oldini olish. Demak ular quyidagilar:
Meros qoldiruvchining shaxsi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan huquq va majburiyatlar:
1. yuridik shaxs hisoblangan tijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarga a’zolik, ularda ishtirok etish huquqlari, agar qonun yoki shartnomada boshqa hol belgilangan bo‘lmasa (e’tibor bering a’zolik va ishtirok etish huquqini nazarda tutmoqda, a’zolik asosida tegishli bo‘lgan mol-mulkni emas);
2. hayotga yoki sog‘liqqa yetkazilgan zarar uchun tovon undirish huquqi (buni zarar yetkazganlik uchun kelib chiqadigan majburiyatlarda hayot va sog‘liq uchun yetkazilgan zararni undirib olishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri huquqi bo‘lgan shaxslar bilan adashtirib yubormang. Jumaladan, FK 1009-modda);
3. aliment majburiyatlari tufayli yuzaga kelgan huquqlar va majburiyatlar (kimga nisbatan aliment undirish to‘g‘risida ariza berilgan bo‘lsa, o‘sha shaxsning huquq va majburiyati merosxo‘rlarga o‘tmaydi. Agar siz bobo-buvidan aliment undirmoqchi bo‘lsangiz qayta ariza berishingiz lozim bo‘ladi, shaxsan ularni nomlari ko‘rsatilgan holda);
4. mehnat va ijtimoiy ta’minot to‘g‘risidagi qonunchilik asosida pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlar olish huquqi (shaxslar davlat tomonidan turli xildagi ta’minot olishadi. Jumladan, nogironligi bor shaxslar oladigan summa va uni olish huquqi merosxo‘rlarga o‘tmaydi. Sababi ushbu ta’minot shaxsga uzviy bog‘liqligidir);
5. mulkiy huquqlar bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy nomulkiy huquqlar meros tarkibiga kirmaydi (ko‘pchilik mulkiy huquqlar bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy nomulkiy huquqlar nima ekanligini bilmaydi. Ushbu huquqlar sirasiga shaxsning nomi, tashqi qiyofasi, sha’n va qadr-qimmatiga bo‘lgan huquqlari kiradi. Demak, bular meros tarkibiga kirmaydi. Intellektual mulk yesa mulkiy huquqlar bilan bog‘liq bo‘lgan shaxsiy nomulkiy huquq bo‘lgani uchun meros ob’ekti hisoblanadi).
Shu o‘rinda bir o‘gitni ta’kidlab o‘tmoqchiman: Haqiqiy meros - ota-onaning farzandlariga bergan aqli va tarbiyasidir.
Genetika - juda ajoyib. Kimgadir ko‘m-ko‘k ko‘zlar, jingalak sochlar, uzun kipriklar meros bo‘lib o‘tadi. Yana kimgadir butun bir shaharchaga teng bo‘lgan villa, yana kimgadir esa turli kasalliklar va dafn marosimi xarajatlari tegishli bo‘lib qoladi.
Fuqarolik qonunchiligida vorislik instituti vorislikning umumiy qoidalari, vasiyat bo‘yicha vorislik, qonun bo‘yicha vorislik hamda merosni egallashga doir normalar yig‘indisidan iboratdir. Sababi vorislik ikki asosda yuzaga keladi: VASIYATNOMA va QONUN bo‘yicha vorislik.
Xalqimizda Hadya shartnomasi va Vasiyatnomani bir xil tushuncha deb qarash shakllangan. Huquqiy emas, xalqchil tilda tushuntiradigan bo‘lsak, hadya shartnomasida shaxs o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkni tiriklik paytida boshqa shaxsga tekinga sovg‘a qiladi, ko‘chmas mulk bo‘lsa ushbu mulkni hadya qiluvchi hadya oluvchining "nomiga o‘tkazib beradi". Masalan, fuqaro Soipov o‘zining avtomashinasini singlisi Soipovaga hadya qildi va ushbu hadya shartnomasini notarial tasdiqlatdi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Endi mulkdor Soipova hisoblanadi.
Vasiyatnomada esa shaxs o‘ziga tegishli mol-mulkini vafot etganidan so‘ng kimga qolishini xohlasa o‘sha shaxsga qoldirish haqidagi istagini yozadi va ushbu vasiyatnoma vasiyat qoldirgan shaxsning vafotidan so‘ng kuchga kiradi. Jumladan, fuqaro Kenjayev o‘ziga tegishli bo‘lgan uy-joyni to‘rtinchi farzandi Kenjayevaga qoldirish haqida notarial idorada vasiyatnoma rasmiylashtirdi. Ushbu vasiyatnoma Kenjayevning o‘limidan so‘ng kuchga kiradi va uning farzandi meros to‘g‘risidagi guvohnomani olganidan so‘ng mulkdorga aylanadi.
Huquqiy tilda aytadigan bo‘lsak, Fuqaroning o‘ziga tegishli mol-mulkni yoki bu mol-mulkka nisbatan huquqini vafot etgan taqdirda tasarruf etish xususidagi xohish-irodasi vasiyat deb e’tirof qilinadi.
Vasiyatnoma shaxsan tuzilishi lozim. Vasiyatnomaning vakil orqali tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi (ya’ni bir shaxs vasiyatnomani rasmiylashtirish uchun boshqasiga ishonchnoma bera olmaydi. Sababi u vasiyatnomani shaxsan o‘zi tuzishi lozim).
Fuqaro o‘zining barcha mol-mulkini yoki uning muayyan qismini qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasiga kiradigan, shuningdek kirmaydigan bir yoki bir necha shaxsga, shu bilan birga yuridik shaxslarga, davlatga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga vasiyat qilishi mumkin.
Agar qarindoshlaringiz va do‘stlarinigiz bilan pul yoki merosni bo‘lishib ko‘rgan bo‘lmasangiz, ular "yaxshi" deb ishonch bilan aytmang...
Toshkent davlat yuridik universiteti
Fuqarolik huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi Usmonova Munisxon Yo‘ldosh qizi