Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ibrohim Abdurahmonov: “Yangi g‘oyalar, yangi fikr hamda loyihalar yoshlardan chiqadi”
15:12 / 2023-10-17

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Kreativ ta’lim va innovatsiyalar – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosi” shiori ostidagi “Innoweek.uz-2023” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi davom etmoqda.

Haftalik davomida tashkil etilayotgan Xalqaro ko‘rgazmada qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, mashinasozlik, sanoat, baliq sanoati, veterinariya, ijtimoiy hamda boshqa bir qator sohalarda faoliyat yuritayotgan 150 dan ortiq tashkilotlar mingdan ortiq innovatsion mahsulotlar bilan ishtirok etmoqda.  

Shuningdek, haftalik doirasida Xalqaro innovatsion-investitsion forum bo‘lib o‘tdi. Forumni oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov ochib berdi.  

– Innovatsiya – yoshlar demakdir, – deydi Ibrohim Abdurahmonov. –Innovatsiyalarni rivojlantirishda, avvalo tijoratlashtirishni to‘g‘ri tashkil etish  muhim. Bunda esa ijodkorlik muhim rol o‘ynaydi. Yangi g‘oyalar, yangi fikr hamda loyihalar yoshlardan chiqadi. Mamlakatimizda bu borada ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda. Ularning aksariyati yoshlar va ilm-fan bilan bog‘liq. Yangi O‘zbekistonning kelajagini barpo etishda asosiy yo‘nalish sifatida innovatsiyalar hamda ilm-fanga e’tibor qaratilmoqda. Ularni rivojlantirishda xalqaro hamkorlar bilan ishlash juda muhim. Yangi texnologiyalar yaratish uchun dunyodagi mavjud innovatsiyalarni o‘rganish muhim. Zero, mavjud texnologiyani o‘rganmasdan yangilik qilib bo‘lmaydi. O‘tgan 5 yil davomida turli hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Oltinchi marta o‘tkazilayotgan mazkur forum innovatsiyalarga investitsiya kiritishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda hamkorlar ham, loyihalar soni ham yil sayin o‘sib bormoqda. Innovatsiyaga investitsiya kiritilar ekan, bu borada turli imtiyozlar beriladi. Shuningdek, innovatsiyalarni joriy etmoqchi bo‘lganlarga soliqlarda ham turli imtiyozlar mavjud. 

Shiddat bilan rivojlanayotgan jahon bozorida muvaffaqiyatli raqobatlashish uchun dadil va innovatsion g‘oyalarga ega bo‘lish zarur. Shu sababli kreativ ta’lim tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozim, haftalik doirasida 150 dan ortiq  B2B  uchrashuvlar o‘tkazilishi, natijada innovatsion mahsulotlarni xarid qilish, shuningdek, yangi ishlanma va texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha jami 22,5 milliard so‘mlik 45 ta oldi-sotdi shartnoma va 2,3 million AQSH dollari miqdorida 9 ta eksport shartnomalari hamda mahalliy va xorijiy kompaniyalar bilan 99,1 million AQSH dollari miqdoridagi 21 ta investitsion shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA