Ta’lim fidoyilari
Har bir inson bolaligidan qaysidir kasbga havas bilan qaraydi. Salima Irisova ham ustozlaridan ilhomlanib, o‘qituvchi kasbiga mehr qo‘ydi. Uning orzusi vaqt o‘tishi bilan hayotiy maqsadga, so‘ngra esa umr yo‘liga aylandi.

1956 yilda Samarqand viloyatining go‘zal hududlaridan biri Ingichka qo‘rg‘onida tug‘ilgan Salima opa ota-onasi Tesha bobo va Halima ona bag‘rida kitobga, ilm-ma’rifatga mehr qo‘yib ulg‘aydi. Bolaligidan odob-axloqi, bilimga intilishi va izlanuvchanligi bilan tengdoshlaridan ajralib turgan qizga ota-onasi mehnatsevarlik, sadoqat va halollik fazilatlarini singdirdi.

O‘rta maktabni muvaffaqiyatli yakunlagan Salima Irisova 1978 yili Buxoro davlat universitetining biologiya fakultetiga o‘qishga kirdi. Ilm dargohida tahsil olarkan o‘z hayotini to‘liq yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlashga qaror qildi.
Faoliyatini o‘zi tug‘ilib o‘sgan Ingichka qo‘rg‘onidagi 15-umumta’lim maktabida yoshlar yetakchisi sifatida boshlagan Salima opa bir vaqtning o‘zida ham o‘qib, ham ishlab, ilk pedagogik tajriba orttirdi. 1980 yildan esa biologiya fanidan to‘liq o‘qituvchilik faoliyatini boshladi. Mehri, sabr-toqati va talabchanligi tufayli o‘quvchilar qalbida chuqur iz qoldirdi.

– Darsga har kuni ilk marta kirgandek qadam qo‘yardim, – deydi Salima opa. – Har bir bolaning o‘z dunyosi bor. O‘qituvchining eng katta vazifasi shu dunyoga muloyimlik bilan kirish, uni tushunish va unga ilmni yetkazishdir. Shu ishni butun umrim davomida sidqidildan ado etishga harakat qildim. Ayniqsa, men ta’lim bergan biologiya fani bu hayotning o‘zi. Tabiatni, tirik organizmlarni tushungan bola atrof-muhitga, hayotga, insonga nisbatan mas’uliyat bilan qaraydi. Shu bois, har bir darsga faqat bilim emas, ruhiy tayyorgarlik bilan, muhabbat va mas’uliyat hissi bilan yondashdim.
1993 yildan boshlab u mazkur maktab direktorining ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida samarali faoliyat yuritdi. Uning tashabbuslari, ijodiy yondashuvi va sadoqati tufayli ta’lim-tarbiya jarayonida muhim o‘zgarishlar ro‘y berdi. Qariyb 50 yil davomida ushbu dargohda xizmat qilib, minglab shogirdlarni voyaga yetkazdi. Bugun ularning aksariyati jamiyatning turli sohalarida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Salima opaning hayotida oila alohida o‘rin tutadi. Turmush o‘rtog‘i Husan aka bilan yelkadosh bo‘lib, uch nafar farzandni katta qildi. Har bir qadamida ularga bilim, odob, insof va hayot haqiqatlarini o‘rgatishga intilishdi.
Katta qizi Shoira onasining yo‘lidan borib, o‘qituvchi bo‘ldi. Ikkinchi qizi Aziza jurnalistika sohasini tanladi. O‘g‘li O‘lmasbek esa stomatolog bo‘lib, o‘z xususiy klinikasida insonlarga shifo ulashmoqda.
– Farzandlarim hayotda o‘z o‘rnini topganini ko‘rib, o‘zimni baxtiyor his etaman, – deydi ustoz. – Ularga nasihat qilar ekanman, o‘zim o‘sha gaplarga birinchi bo‘lib amal qilishga harakat qilardim. Chunki farzand tarbiyasida faqat gap emas, amal – ibrat muhim. Biz oilada mehr, tushunish va bir-birimizga ko‘makni birinchi o‘ringa qo‘ydik. Ana shu jihatlar farzandlarimizning to‘g‘ri yo‘l tanlashiga asos bo‘ldi, deb o‘ylayman.
Salima opa uchun oila ham, ish ham muqaddas. U umri davomida har ikkisini birdek ardoqlab, hayotdagi eng go‘zal vazifalarini – mehribon ona, sadoqatli rafiqa va ustozlikni muvaffaqiyat bilan ado etgan.
Hozir Salima ustoz nafaqada. Biroq u hamon maktab, jamoa va shogirdlar xotirasida samimiylik, fidoyilik va sadoqat timsoli sifatida yashab kelmoqda. U nabiralari bag‘rida hayot go‘zalligidan zavq olib, ularga ham bilim va hayotiy saboqlar berib yashamoqda.
Qizlaridan biri, jurnalist Aziza Irisova onasi haqida shunday deydi:
– Men ota-onam bilan faxrlanaman. Hozir “NKMK” AJ Markaziy kon boshqarmasi tizimida jurnalistik faoliyat olib borayotgan bo‘lsam, bu ularning mehnati va duolari samarasidir. Onamning sabr-toqati, mehnatsevarligi va mehribonligi men uchun hayot yo‘limda doimiy ilhom manbai bo‘lib kelgan.
Salima Irisova bosib o‘tgan hayot va mehnat yo‘li yosh avlodga ibrat, kelajak ustozlar uchun esa namuna bo‘lib xizmat qiladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA