Markaziy harbiy okrug Jizzax garnizonidagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida "Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasiman!" shiori ostida tashkil etilgan "Ibratli harbiy oila" ko‘rik-tanlovining Mudofaa vazirligi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rik-tanlovga okrug qo‘mondonligi tomonidan yuqori tayyorgarlik ko‘rilib, ishtirokchilar va mehmonlar harbiy orkestr sadolari ostida kutib olindi hamda Jizzax viloyatining urf-odatlariga xos hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy kuy-qo‘shiqlar namoyish etildi.
Tanlovda beshta harbiy okrug, uchta qo‘mondonlik va bitta bilim yurtidan jami to‘qqiz nafar harbiy xizmatchilarning oilasi “Oilam — mening baxtim”, “Men uddaburon oila bekasiman”, “Farzandim — dilbandim”, “San’atim — saodatim” shartlarida bellashib, chin ma’noda ibratli oila ekanini sahna orqali isbotlashdi.
15 may — Xalqaro oila kuni arafasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan ushbu tanlov harbiy oilalarni ijodiy salohiyatga, yuksak intellektual qobiliyat va axloqiy fazilatlarga ega bo‘lishga undab, har tomonlama ibratli oilalarni aniqlaydi.
Oilalar har bir shartga o‘zining xizmat burchini bajarayotgan hududning milliy urf-odatlari va an’analari, kuy-qo‘shiqlari uyg‘unligida tayyorgarlik ko‘rgan, shu orqali uzoq asrlardan buyon saqlanib kelinayotgan qadriyatlarimizga nechog‘lik hurmat-ehtiromda ekanligini namoyon etishdi.
Ushbu bosqichni adolatli va shaffof tarzda o‘tishini ta’minlash maqsadida Qonunchilik palatasi deputatlari, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zolari Nodira Jonibekova, Oybarchin Bekmurodova, O‘zbekiston Kasaba uyushmasi mas’ul xodimi Hasan Yormatov, taniqli va mahoratli aktrisalar Barnoxon Qodirova hamda Oygul Abdurahmonova ishtirokida hakamlar hay’ati tuzildi. Ko‘rik-tanlovning yakuniy natijalari quyidagicha bo‘ldi:
1-o‘rin — mayor G‘ayrat Madrahimov oilasi (Sharqiy harbiy okrug);
2-o‘rin — III darajali serjant Sharif Elmurodov oilasi (TOQQQ);
3-o‘rin — kichik serjant O‘ktam Pirimqulov oilasi (Toshkent harbiy okrugi).
Tadbirda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev hamda Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farrux Ziyabayev so‘zga chiqib, ko‘rik-tanlovning har bir sharti davomida harbiy oilalarning shijoati va matonatini, farzandlarining erishayotgan yutuqlarini e’tirof etdi. Buning zamirida harbiy oilalar bilan ishlash bo‘yicha yetakchi mutaxassislarning o‘rni ham katta ekanini e’tibordan chetda qoldirmadi.
Yakunda g‘olib va sovrindor harbiy oilalarga Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmasi, viloyat hokimligi, okrug qo‘mondonligi hamda bir qator tashkilotlarning diplom va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
O‘zA