Ibrat maktabi
Yana oramizda shunday insonlar borki, ular oʻz zimmasidagi vazifani ado etishga nafaqat bilimi, salohiyati, balki qalb qoʻrini, mehrini baxshida etadi.
Inson hayotda mehnati, olib borayotgan xayrli va ezgu ishlari bilan qadr topadi. Yana oramizda shunday insonlar borki, ular oʻz zimmasidagi vazifani ado etishga nafaqat bilimi, salohiyati, balki qalb qoʻrini, mehrini baxshida etadi. Kasbiga boʻlgan sadoqati, fidoyiligi tufayli el-yurt orasida hurmat-eʼtibor topadi.
Shahrixon tumanidagi 53-ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabi direktori, Oʻzbekiston Qahramoni Kamoliddin Gʻopirov haqida soʻz ketganda shuurimizga beixtiyor yuqoridagi fikrlar keladi. Yoshlarning kamoli uchun samarali mehnat qilib kelayotgan ustoz muallimning olib borayotgan ibratli faoliyati har qancha tahsinga munosibdir.
Kamoliddin Gʻopirov pedagogik faoliyatini 1971-yilda Shahrixon tumanidagi 8-umumtaʼlim maktabida oddiy oʻqituvchilikdan boshlagan. Oʻsha yillari shijoatli, yosh mutaxassis tajribali ustozlardan kasb sirlarini puxta oʻrganishga harakat qildi. Oʻqidi, izlandi, oʻz bilim va tajribasini yillar davomida boyitib bordi.
Keyinchalik u Shahrixon shahridagi 2-litsey oʻqituvchisi, ilmiy boʻlim mudiri, tumandagi 61-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi, direktori boʻlib ishladi. 2002-yildan bugungi kunga qadar esa 53-ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabi direktori vazifasida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Ustoz qariyb 50 yildirki oʻquvchilarga kimyo fanidan saboq berib keladi. Oʻtgan davr mobaynida minglab oʻquvchilarning puxta bilim olishi va kamol topishida uning xizmatlari nihoyatda katta boʻldi.
Kamoliddin Gʻopirov rahbarlik qilayotgan 53-ixtisoslashtirilgan maktab bir necha marta “Yil maktabi” koʻrik-tanlovining viloyat, respublika bosqichlarida faxrli oʻrinlarni egalladi. Ana shu davr mobaynida mazkur maktabning yuzlab oʻquvchilari tuman, viloyat, respublika fan olimpiadalarida gʻoliblar qatoridan oʻrin oldi. Turli yillarda domlaning shogirdlaridan 24 nafari “Yosh kimyogarlar” respublika fan olimpiadasida ishtirok etib, yuqori natijalarni qoʻlga kiritdi. 11-sinf oʻquvchisi Alimardon Mirzayev 2006-yilda Armaniston poytaxti Yerevan shahrida oʻtkazilgan xalqaro fan olimpiadasida ishtirok etib, 4-oʻringa sazovor boʻlgan.
Maktabning 8 nafar oʻquvchisi turli yillarda D.I.Mendeleyev nomidagi Yosh kimyogarlar jahon olimpiadasida ishtirok etgan. 2013-yilda Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan D.I.Mendeleyev nomidagi 47-xalqaro “Yosh kimyogarlar” olimpiadasida Biloliddin Sharofiddinov faxrli 1-oʻrinni egallab, oltin medal, ana shu yili Moskva shaxrida oʻtkazilgan kimyo fanidan 45-Butunjaxon fan olimpiadasida 3-oʻrinni egallab, bronza medal sohibiga aylangan. Erishgan yutuqlari uchun B.Sharofiddinov “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Ustozning tashabbusi bilan maktabda ilmiy-ijodiy ishlarga alohida eʼtibor qaratiladi. Maktabning iqtidorli oʻqituvchilari tomonidan K.Gʻopirovning tahriri ostida 50 dan ortiq uslubiy qoʻllanmalar yaratildi va amaliyotga tatbiq etilib, ayni kunda tuman va viloyat maktablarida keng foydalanilmoqda.
Kamoliddin Gʻopirov hammualliflikda 2002-yilda 9-sinf oʻquvchilari uchun “Kimyo” fani darsligi, oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanma chop etildi. Mazkur darslik 2006 va 2010-yillarda “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyotida qayta nashr qilindi.
Domla rahbarligida 2003-yilda 7-sinflar uchun “Kimyo 7”, 2006, 2010-yillarda 8-sinflar uchun “Kimyo 8” darsliklari nashr etilgan. Umuman, shu kunga qadar K.Gʻopirovning ilmiy-ijodiy ishlari mahsuli sifatida 25 nomdagi darslik va oʻquv qoʻllanmalari nashr etilib, hozirgi kunda respublikamiz oʻquvchi va oʻqituvchilar tomonidan foydalanilmoqda.
Ustoz Kamoliddin Gʻopirov nafaqat oʻz kasbining yetuk mutaxassisi, fidoyi va tajribali muallim sifatidagina emas, balki kamtar, halol va mehnatsevar inson, shuningdek, jamoat ishlarida faolligi, tashabbuskor va tashkilotchiligi, koʻplab xayrli ishlarga bosh-qosh boʻlishi bilan ham keng jamoatchilik oʻrtasida katta hurmat-eʼtibor qozongan. Masalan, u oʻzi istiqomat qiladigan Choʻja maxallasida “Bir ziyoli oʻn oilaga maʼnaviy homiy” shiori ostida oʻndan ortiq oilaga maʼnaviy homiylik qilib keladi. Bundan tashqari, bir qator kam taʼminlangan, sharoiti ogʻir oilalarga moddiy va maʼnaviy koʻmak beradi.
Otalaridan chiroyli tarbiya olib ulgʻaygan domlaning farzandlari, nabiralari ham el-yurt ishiga kamarbasta insonlar boʻlib kamol topgan. Bugungi kunda ular jamiyatimizning turli jabhalarida samarali faoliyat yuritib, yurt ravnaqiga munosib hissa qoʻshmoqda.
Domlaning koʻp yillik samarali faoliyati mamlakatimiz hukumati tomonidan munosib baholangan. U viloyat hokimligi, xalq taʼlimi vazirligi, Rossiya Fanlar akademiyasi va boshqa koʻplab boshqarma va vazirliklar, muassasa va tashkilotlarning faxriy yorliqlari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi, bir necha marta Mustaqillik nishonlari, 2007-yilda “El-yurt hurmati” ordeni, 2010-yilda esa “Oʻzbekiston Qahramoni” faxriy unvoni hamda “Oltin yulduz” nishoni bilan taqdirlangan.
Muxtasar aytganda, kamtar, fidoyi oʻqituvchi, bagʻrikeng ustoz Kamoliddin Gʻopirovning hayot yoʻli yosh avlod uchun ibrat maktabidir.