Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ibn Xavqalni hayratga solgan mo‘’jiza
18:20 / 2020-12-19

Qorako‘lchilik uzoq tarixga ega. U asrlar davomida insoniyatni o‘z sehru jozibasi va go‘zalligi bilan rom qilib keladi. Kishilik sivilizatsiyasi davomida qorako‘l qo‘ylar terisidan yaratilgan kiyim boshlar yaratish esa takomillashib zamondoshlarimizni hayratlantirarlik darajada o‘ziga rom etmoqda.

Qorako‘l qo‘ylaridan sifatli terish olishda qadimdan naslchilik ishlarini yo‘lga qo‘yishga bog‘liq bo‘lgan. Ona diyorimizda parvarishlangan nasldor qo‘ylarning terilari ham sifatli va yal-yal tovlanishi bilan jahonga dovruq taratgan. Shu boisdan X asrda yashab o‘tgan mashhur arab sayyohi Ibn Xavqal Xorazm safaridan ta’sirlanib ”Sharq jo‘g‘rofiyasi“ kitobida shunday yozadi: "...Jahonning hech bir mamlakatida bunaqa qo‘chqorlar yo‘q, sovliqlari ikkita-uchta va to‘rttadan qo‘zi tug‘adi. Turkiston va Xorazmning yerli aholisi serpusht sovliq bag‘rida qoldirilgan ikki qo‘zidan ortig‘ini so‘yib, terisidan foydalanishadi. Bu terilar qizil va to‘q rangli. Ularning orasida uchraydiganlari ayrim qizil va qora rangining tozaligi va chiroyi uchun ikki dinor va undan ham qimmatroqqa sotiladi.”

– Chorvachilikda azaldan sur rang qo‘zi tug‘ilsa, u o‘zining rangi tarovati bilan ajralib turgan, – deydi Samarqand veterinariya tibbiyoti instituti dotsenti, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi Subhon Sattorov. – U evolyutsion taraqqiyot jarayonida takomillashgan va olimlarimizning izlanishlari o‘laroq hozirda ham dolzarb masala hisoblanadi. "Qorako‘l qo‘ylar mahsuldorligini oshirishda zot ichida guruhlararo sinashning uslubiy asoslari” deb nomlangan ilmiy-tadqiqot ishimda samarali natijalarga imkoniyat qidirdik. Masalan, har xil zavod tipidagi naslli sur qo‘chqorlardan foydalanish samaradorligini oshirish kerak. Buning natijasida teri sifati yaxshilanadi, eksportbop sur terilar ishlab chiqarish salmog‘i ortadi. Sur qo‘ylarni urchitishga ixtisoslashgan xo‘jaliklarda zavod tipli qo‘chqorlar foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

Hozirda sur qo‘ylar bilan naslchilik ishlarini olib borishning asosiy yo‘nalishi rang-barangligi aniq, surligining ifodalanish darajasi yaxshi va bir tekis bo‘lgan naslli qo‘ylarni ko‘paytirishdir. Shuningdek, gullarning teri yuzasida joylashuvidan paydo bo‘ladigan rasmlar aniqligini, jun tola qoplamini sifatini yaxshilash, terilarning foydali sathini oshirish, tabiiy serpushtligi irsiy xususiyatlarini ko‘tarish ham dolzarb masala.

– Mamlakatimizda chorvachilik sohasi davlat tomonidan har jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda deydi, – qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor, Oliy attestatsiya komissiyasi eksperti Soli Bozorov – Sohaga doir bir necha marotaba Prezidentimizning qarorlari e’lon qilindi. Endilikda naslchilik ishlarini innovatsion ilmiy yondashuv asosida olib borishni hayotning o‘zi taqozo qilmoqda. Qolaversa, O‘zbekiston zamini chorvachilikka qulay va ota-bobolarimiz cho‘pon tayog‘ini muqaddas bilib, qorako‘lchilikning sir-asrorini puxta egallashgan. Uning terisidan noyob kiyim-kechaklar yaratishgan. Ishlab chiqarish bilan ilmiy yondashuvning uzviyligi eksportbop sifatli terilarning yaratilishiga ham zamin hozirlaydi.

O‘ljaboy Qarshiyev, jurnalist