OʼzLiDeP Navoiy viloyati Kengashi «Ayollar qanoti» tashabbusi bilan «Barcha uchun qulay, sifatli va professional tibbiyot» mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida aynan shu haqida so‘z bordi.
Bir guruh deputatlar, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Navoiy shahar Tibbiyot birlashmasi, «Tafakkur» yoshlar targ‘ibot markazi mutaxassislari, umumta’lim maktablarining yoshlar yetakchilari hamda keng jamoatchilik ishtirokida tashkil etilgan tadbir qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, Prezidentimiz raisligida joriy yilning 6 noyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga oid o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalardagi tibbiy xizmat tizimi, shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlarining vazifa va funksiyalarini to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarurligi aytilgan, ilg‘or xorijiy tajriba asosida umumiy amaliyot shifokorini haqiqiy oilaviy shifokorga aylantirish choralari belgilangan edi.
Davra suhbatida sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar haqida fikr bildirilib, milliy qonunchiligimizda xalq tabobatiga va tibbiyotda axborot kommunikatsiya sohasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlab o‘tildi.
Xususan, Vazirlar mahkamasining aniq rejalar asosida O‘zbekistonda Yagona tibbiyot axborot markazi va «Aqlli tibbiyot» tizimi joriy etilishi aytilib, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakili R.Hamroyev tomonidan yig‘ilganlarga bu tizim haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng «Ona va bola» skrining markazi direktori M.Hamroyeva so‘zga chiqib, amalga oshirilayotgan «tibbiy xatlov»lar, «sog‘lom jamiyatni rivojlantirish» ning asosiy mexanizmi haqida gapirib o‘tdi.
Ayniqsa, «Milliy qonunchiligimizda xalq tabobati» mavzusidagi «Tafakkur» yoshlar targ‘ibot markazi rahbari J.Shuhratovning ma’ruzasi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.
– Dunyo tibbiyotiga asos solgan hakim Abu Ali ibn Sino «Men o‘zimdan keyin to‘rtta «hakim» qoldirmoqdaman. Suv, havo, quyosh va badantarbiya!” degan ekan. Darhaqiqat suvdan, havodan, quyoshdan foydalanib, kundalik badantarbiyani yo‘lga qo‘ygan inson salomatligidan aziyat ko‘rmaydi, -dedi o‘z so‘zida J.Shuhratov.
Shundan so‘ng munozaralar boshlanib, tibbiy kartalarning tarmoqli tizimi, masofaviy diagnostika, tibbiy internet va inson salomatligini masofadan monitoring qilish, virtual tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, virtual shifoxona xizmati, elektron retseptlar, telemetriya va simsiz aloqadan foydalangan holda tibbiy yordamni uyda olish kabi masalalarga oid savollarga mutaxassislar tomonidan javob berildi.
O‘zLiDeP Navoiy viloyati Kengashi matbuot xizmati