Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida endokrinologiya sohasini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Yig‘ilishda tashxislash va davolash maqsadida tuman va shahar markaziy shifoxonalarida bemorlarning bir sutkalik statsionar kuzatish tizimi joriy etilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, har bir hududdagi “salomatlik maktablari”da, mahallalardagi bemorlarga, shuningdek, diabetga moyilligi bor,
ortiqcha vaznli aholiga kasallikni boshqarish o‘rgatiladi.
Misol uchun, Farg‘ona viloyati Endokrinologiya markazi filialida “bolalar diabet maktabi” tashkil etilib, 1-6 yoshgacha diabeti bor bolalarning ota-onasiga, 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarga diabet bilan yashashni o‘rgatish, ya’ni o‘z kasalligini boshqarish, insulin qabul qilish, to‘g‘ri ovqatlanish, sport bilan shug‘ullanishga o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan.
bugungi kunda kasallikni to‘g‘ri boshqarish hisobiga 6 nafar bola sport turlari bo‘yicha yuqori natijalarga erishib kelmoqda.
Mutasaddilarga yil boshidan aholi orasida endokrin kasalliklari skriningini boshlash, shuningdek, an’anaviy va onlayn usulda tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlashni yo‘lga qo‘yish vazifasi topshirildi.
Bunda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda patronaj hamshiralar hamda oilaviy shifokorlar, amaliyotdagi endokrinolog shifokorlar malakasini oshirish uchun o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Mas’ullarga Ibn Sino texnikumlarini “salomatlik maktablari”ning tayanch bazasiga aylantirib, muallimlar va bitiruvchi kurs o‘quvchilarini ushbu “maktablar”ga biriktirish vazifasi yuklatildi.
– Bunda kelgusi yildan endokrinologiya va kardiologiya yo‘nalishlarida patronaj hamshiralari tayyorlashni yo‘lga qo‘yishni ham nazarda tutish zarur, – dedi Prezident.
Aholi orasida endokrin kasalliklarning oldini olish, kasalliklarni boshqarish uchun alohida tele va radio eshittirishlarni yo‘lga qo‘yish vazifasi topshirildi.
O‘zA