Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida erkaklar o‘rtasida boks bo‘yicha jahon chempionatining ilk bahslariga start berildi.
Musobaqaning bugungi dasturidan o‘rin olgan janglarda ikki nafar bokschimiz ringga ko‘tariladi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, vazni -80 kg. bo‘lgan Javohir Ummataliyev 1/32 final bosqichida Dasheil Fanchette (Seyshel orollari) bilan raqobatlashsa, -63,5 kg. vazn toifasida Sayat Ilyasov 1/32 finalda Anas Sleymanni (Falastin) sinovdan o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, dunyo birinchiligida To‘lqin Qilichev qo‘l ostidagi O‘zbekiston terma jamoasi 13 nafar charm qo‘lqop ustalari bilan ishtirok etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: “IBA World Championships – 2025” da g‘olib bo‘lgan bokschilari 300 ming AQSH dollari pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Kumush medal sohiblari 150 ming, bronza medal egalari 75 ming, chorak final ishtirokchilari esa 10 ming AQSH dollari pul mukofotiga sazovor bo‘ladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA