Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
I Xalqaro musiqali teatrlar forumi bo‘lib o‘tdi
13:06 / 2022-04-24

Bugun musiqali teatrlarning holati qanday, ularda qanday muammolar bor, bu borada xorijiy tajribaning o‘rni nechog‘li muhim?

Poytaxtimizda Madaniyat vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “OPERETTA.UZ” I Xalqaro musiqali teatrlar forumida ana shunday masalalar atroflicha muhokama etildi.

Mazkur forum Prezidentimizning 2022 yil 2 fevraldagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 apreldagi “Davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qarorlari ijrosini ta’minlash yuzasidan o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatrida o‘tkazilayotgan forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston va yaqin xorij hamda MDH davlatlari musiqali teatrlari o‘rtasida o‘zaro ijodiy hamkorlikni kengaytirish, musiqali teatr san’atini yanada rivojlantirish, xalqaro munosabatlarni keng yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashish, gastrol safarlarini uyushtirishdan iborat.

Forum doirasida Madaniyat vazirligida Rossiya Musiqali teatrlari assotsiatsiyasi prezidenti G.Isaakyan, “Sankt’-Peterburg’ Opera” davlat musiqali kamer teatri direktori Ye.Maligin va Novosibirsk musiqali teatri direktori L.M.Kipnis, “Zazerkale” Sankt-Peterburg davlat bolalar musiqali teatri direktori A.Mustakimov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur teatrlarning yurtimiz ijodiy jamoalari bilan hamkorligi atroflicha muhokama etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatri rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda kelgusidagi rejalar belgilandi.

Forumda musiqali teatrlar faoliyatini yanada rivojlantirishda, ular repertuarini xalqaro miqyosda tanitish uchun xorijiy hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Forum doirasida  matbuot anjumani, mahorat darslari, seminarlar, aktyorlik mahorati laboratoriyasi hamda teatrning badiiy sahnalashtirishga oid muhokamalar, shuningdek xorijiy mehmonlarning Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohati tashkil etildi.

Kecha “Turkiston” san’at saroyida “OPERETTA.UZ” I Xalqaro musiqali teatrlar forumining yopilishi va ishtirokchilarga sertifikat topshirish marosimi, gala-konsert bo‘lib o‘tdi.

Nazokat Usmonova,
O‘zA