Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
I-IV asrlarga oid sopol buyumlar Temuriylar tarixi davlat muzeyiga topshirildi
22:49 / 2024-10-22

Yaqinda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv ombori sohiliga oila a’zolari bilan dam olish uchun kelgan poytaxtlik Sh.Eshmuratova suv sathi pasaygan sohildan ikki dona butun sopol idish va yana bir necha sopol parchasiga duch keldi.

Fuqaro topilma jismlarni yig‘ib, poytaxtdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyiga topshirdi. Ashyolar o‘rganish uchun vaqtincha qabul qilib olindi.

Ikki bo‘lak buyum – bir baldog‘li qadah sinig‘i edi. Qolgan parchalarni dastlab qanday idishga tegishliligini aniqlab bo‘lmadi. Shundan so‘ng sopol parchalari yuvib, tozalanib, ta’mirlandi va ikki baldog‘li, baldog‘ining yuqorisi burama shoxli qo‘chqor qiyofasida ishlangan tog‘ora bo‘lagi ekani ayon bo‘ldi.

O‘rganish jarayonida ma’lum bo‘lishicha, barcha buyumlar qo‘lda, ya’ni kulolchilik charxi yordamisiz yasalgan bo‘lib, loyiga mayda qum-tosh va ohak-tosh aralashtirilgan. Ustiga och qizg‘ish suyuq angob (bo‘yoq) surilgan. Afsuski, angob, deyarli, o‘chib ketgan.

Topilmalarning qiyosiy tahlili Toshkent vohasining o‘ziga xos madaniyati hisoblangan, miloddan avvalgi II-milodiy VI asrlarga mansub “Qovunchi” kulolchiligi namunalariga o‘xshashligini ko‘rsatdi.

Bunday idishlar keng tarqalishi, asosan, I-IV asrlarga to‘g‘ri keladi. Shunga asoslanib, Chorvoq suv ombori sohilidan topilgan kulolchilik buyumlari shu davrga oidligi xususidagi ilmiy farazni ilgari surish mumkin.

Ta’kidlash joiz, bunday jismlar avval ham shu hududda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar davomida topilgan. Aksariyat hollarda marhumlarni dafn etish chog‘i ular bilan birga qabrga qo‘yilgan kuzatuv-marosim idishlari bir joydan butun topilgan. Yaqinda topilgan buyumlar ham aynan shunday holatga ishora bermoqda.

Topilgan ashyolar muzeyga topshirilishi davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 maydagi “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan “Milliy merosga mening hissam” umumxalq aksiyasi amaldagi ifodasi, deyish mumkin.

Dilmurod Normurodov,

Arslon Alimov,

O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi xodimlari