Husniddin Norbekov uch karra Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi!
Fransiya poytaxti Parij shahrida o‘tayotgan XVII Paralimpiya o‘yinlarida para yengil atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi (F35) yadro uloqtirish musobaqasi yakunlandi.
E’tiborlisi, ushbu yo‘nalishda ishtirok etgan hamyurtimiz Husniddin Norbekov 16.82 metr natija qayd etib, Paralimpiya o‘yinlari rekordini yangiladi. Mazkur rekord 2008 yil Pekinda bo‘lib o‘tgan Paralimpiadada xitoylik Guo Vey tomonidan o‘rnatilgan edi. O‘shanda xitoylik sportchi 16.22 metr natija qayd etgan.

Shuningdek, para atletimiz faoliyatidagi uchinchi Paralimpiya o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik sportchiga aylandi. Husniddin Norbekov bundan avval “Rio-2016” va “Tokio-2020” yozgi Paralimpiya o‘yinlarida ham oltin medalga sazovor bo‘lgan edi.


Mazkur natijadan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 8 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza jami 17 taga yetdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA