Yakshanba kuni Husiy jangarilari BMTning yana bir muassasasiga reyd uyushtirganidan bir kun o‘tib, tuzilmaning 20 nafar xodimini hibsga oldi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yamandagi vakili Jan Alamning “Associated Press” axborot agentligiga ma’lum qilishicha, tashkilot xodimlari Sano Hada mahallasidagi muassasa ichida hibsga olingan.
Ta’kidlanishicha, qo‘lga olinganlar orasida 5 nafar yamanlik va 15 ta xalqaro xodim bor. Jangarilar so‘roqdan keyin 11 kishini qo‘yib yuborishgan.

Jan Alamning so‘zlariga ko‘ra, BMT ushbu vaziyatni tezkorlik bilan hal etish, xodimlarni hibsga olishni to‘xtatish va poytaxt Sanodagi ob’ektlari ustidan to‘liq nazoratni tiklash uchun husiylar va boshqa tomonlar bilan aloqada bo‘lib turibdi.
Husiylar Yamandagi jangarilar nazorati ostidagi hududlarda, jumladan, Sano va Hodeyda shaharlari, Sadaa viloyatida ishlayotgan BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarga doimiy tazyiq o‘tkazib keladi.
Hozirgacha o‘nlab odamlar, jumladan, BMTning 50 dan ortiq xodimi hibsga olingan. Jahon oziq-ovqat dasturi xodimi shu yil boshida Sadaada hibsda vafot etdi.
Jangarilar BMTning hibsga olingan xodimlari hamda boshqa xalqaro guruhlar va xorijiy elchixonalar bilan hamkorlikda ishlaganlar josuslar bo‘lganini bir necha bor isbotsiz da’vo qilgan. BMT bu ayblovlarni keskin rad etdi.
Bu bosim BMTni yanvar oyida sakkiz xodimi hibsga olinganidan so‘ng Sadaa viloyatidagi faoliyatini to‘xtatishga majbur qildi. Shundan so‘ng tashkilot o‘lkadagi bosh gumanitar koordinatorini Sanodan xalqaro tan olingan hukumat qarorgohi bo‘lgan Aden shahriga ko‘chirdi.
M.Pirmatova, O‘zA